2026 yilning 1 avgustidan boshlab O‘zbekistonda iqtisodiyot, tadbirkorlik, ekologiya, sud-huquq, soliq va transport sohalarini qamrab olgan qator muhim o‘zgarishlar kuchga kiradi. Yangi tartiblar aholi, tadbirkorlar hamda davlat idoralari faoliyatiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Toshkent atrofidagi issiqxonalarga gaz yetkazib berish to‘xtatiladi
Atmosfera havosi sifatini yaxshilash maqsadida Toshkent shahri hamda Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq, Qibray, Yangiyo‘l, Zangiota va Toshkent tumanlarida joylashgan issiqxonalarga 1 avgustdan boshlab tabiiy gaz yetkazib berish to‘liq to‘xtatiladi. Shuningdek, mazkur issiqxonalar bilan tuzilgan amaldagi gaz ta’minoti shartnomalari bekor qilinadi.
Bundan tashqari, ushbu hududlardagi issiqxonalar uchun suv resurslaridan foydalanish solig‘i sanoat korxonalari uchun belgilangan eng yuqori stavkadan besh barobar yuqori miqdorda hisoblanadi. Agar ularda ko‘mir, shina, mazut, rezina yoki sintetik karton kabi havoni ifloslantiruvchi materiallar yoqilsa, kompensatsiya to‘lovlari 20 barobar oshirilgan holda undiriladi.
Tadbirkorlar uchun "Biznes himoya" QR-kodi joriy etiladi
1 avgustdan davlat va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkaziladigan barcha tekshiruvlar "Yagona davlat nazorati" axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilishi shart bo‘ladi.
Shu bilan birga, "Biznes himoya" QR-kodi amaliyotga kiritiladi. Nazorat organi xodimi tekshiruvni boshlashdan avval ushbu QR-kodni skaner qilishi majburiy hisoblanadi.
Qog‘oz shaklidagi tekshiruvlar ro‘yxatga olish kitobi hamda xizmat guvohnomasini qog‘oz ko‘rinishida taqdim etish amaliyoti bekor qilinadi. Agar tekshiruv axborot tizimida qayd etilmagan bo‘lsa, tadbirkor mansabdor shaxsni hududiga kiritmaslik huquqiga ega bo‘ladi.
Mehnat nizolarini alohida sudyalar ko‘rib chiqadi
Endilikda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda faqat mehnat nizolarini ko‘rib chiqishga ixtisoslashgan sudyalar faoliyat yuritadi.
Oliy sudning fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida to‘rt nafar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarida uch nafardan sudya ajratiladi. Shuningdek, Nukus, Buxoro, Jizzax, Qarshi, Namangan, Termiz, Farg‘ona va Urganch tumanlararo sudlarida ham ixtisoslashgan sudyalar ish boshlaydi.
1 avgustdan keyin sudlarga kelib tushadigan mehnat nizolariga oid ishlar faqat ushbu sudyalar o‘rtasida taqsimlanadi.
Kamyob hayvonlarni ovlashga moratoriy joriy etiladi
2028 yilning 1 yanvariga qadar O‘zbekistonda yo‘qolib ketish xavfi yuqori bo‘lgan 66 turdagi yovvoyi hayvonlarni ovlash taqiqlanadi.
Moratoriy qoplon, qor qoploni, Turkiston silovsini, Buxoro bug‘usi, bo‘rsiq, jayra va boshqa noyob hayvonlarga tatbiq etiladi.
Mazkur cheklov maxsus fermalar, pitomniklar, inkubatorlar hamda ilmiy va tibbiy maqsadlarda parvarish qilinayotgan hayvonlarga nisbatan qo‘llanmaydi.
Xavfsizlik qoidalari buzilgani haqida xabar berganlar rag‘batlantiriladi
Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasidagi qoidabuzarliklar haqida foto yoki video orqali xabar bergan fuqarolarga pul mukofoti to‘lanadi.
Mukofot miqdori huquqbuzardan undirilgan jarimaning 20 foizini tashkil etadi. Bunda taqdim etilgan materiallarda huquqbuzarlik sodir etilgan joy, sana va vaqt aniq ko‘rsatilishi talab etiladi.
Soliq organlari faoliyati maxsus indeks orqali baholanadi
1 avgustdan soliq organlarining mijozlarga yo‘naltirilganlik indeksi joriy etiladi.
Mazkur tizim orqali soliq to‘lovchilar xizmatlar sifati, ularning qulayligi, soliq majburiyatlarini bajarish uchun sarflanadigan vaqt hamda soliq idoralari bilan o‘zaro hamkorlik darajasini baholay oladi.
Fitosa nitar nazoratda jamoatchi inspektorlar ish boshlaydi
Meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari eksportini yengillashtirish maqsadida fitosanitar nazorat tizimida jamoatchi inspektorlar instituti joriy etiladi.
Shuningdek, "E-Fitouz" elektron portali orqali karantin nazorati xavflarni baholash asosida avtomatlashtirilgan tartibda amalga oshiriladi.
Toshkent — Izmir o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar ochiladi
Turkiyaning "SunExpress" aviakompaniyasi 1 avgustdan boshlab Izmir — Toshkent — Izmir yo‘nalishida muntazam parvozlarni yo‘lga qo‘yadi.
Reyslar haftasiga to‘rt marta "Boeing 737-800" samolyotlarida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Yana qanday o‘zgarishlar kuchga kiradi?
Shuningdek, 1 avgustdan boshlab yana qator yangiliklar amal qiladi:
— jarima maydonchalaridan transport vositalarini olib chiqish to‘liq elektron shaklga o‘tkaziladi va ruxsatnomalar QR-kod orqali rasmiylashtiriladi;
— Farg‘ona viloyatining So‘x tumanidagi markaziy shifoxona va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika shifokorlariga har oy 2 million so‘m miqdorida qo‘shimcha ustama to‘lanadi;
— suv tejamkor texnologiyalar joriy qilingan sanoatlashgan bog‘dorchilik xo‘jaliklari uchun quduq suvidan foydalanish solig‘i besh yil davomida 1 so‘m etib belgilanadi;
— davlat arxivlari faoliyati to‘liq raqamlashtiriladi, arxiv hujjatlari yagona elektron axborot tizimi orqali yuritiladi;
— 2030 yilning 1 avgustiga qadar baliqchilik xo‘jaliklari davlat budjeti hisobidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlanadi.






