Namangan viloyatida Sirdaryo daryosiga cho‘kib ketgan fuqarolarni qidirish ishlari davom etmoqda. Qutqaruvchilar qidiruv jarayonida boshqa bir fuqaroning jasadini daryodan olib chiqqan. Bu haqda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 26 iyul kuni soat 14:06 da 112 qisqa raqamiga kelib tushgan murojaatda Namangan shahrining “Gulbog‘” mahallasida yashovchi, 2004 yilda tug‘ilgan yigit Namangan tumanining “Shўrqo‘rg‘on” mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi Sirdaryo daryosiga tushib ketgani xabar qilingan.
Murojaatdan so‘ng Namangan viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Maxsus qutqaruv otryadining suvda qutqaruv guruhi g‘avvoslari tomonidan qidiruv-qutqaruv ishlari boshlangan.
27 iyul kuni qidiruv ishlari davomida daryodan boshqa bir fuqaroning jasadi topilib, qutqaruvchilar tomonidan sohilga olib chiqilgan va tegishli tartibda mutasaddi idoralarga topshirilgan.
Ma’lum qilinishicha, hozirda cho‘milish taqiqlangan hududlarda suvga tushish oqibatida cho‘kib ketgan yana uch nafar fuqaroni qidirish ishlari davom etmoqda. Ulardan biri 26 iyul kuni Sirdaryoga tushib ketgan 2004 yilda tug‘ilgan yigit bo‘lsa, qolgan ikki nafarning taqdiri hamon noma’lumligicha qolmoqda.
Favqulodda vaziyatlar xizmati fuqarolarni cho‘milish taqiqlangan hududlarda suvga tushmaslikka va xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilishga chaqirdi.






