Eron AQSh va Isroil bilan yuz bergan qurolli to‘qnashuvlardan keyin havo mudofaa tizimini qayta tiklash maqsadida Xitoyda ishlab chiqarilgan yelkada olib yuriladigan havo hujumidan mudofaa majmualarining ilk partiyasini qabul qilishi kutilmoqda. Bu haqda Reuters agentligi o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
Manbalarga ko‘ra, qiymati 60–70 million dollarga baholanayotgan shartnoma doirasida Eron 300–400 dona MANPADS turidagi havo mudofaa majmualarini, jumladan QW-12 va FN-16 rusumlarini xarid qilishi rejalashtirilgan.
Qayd etilishicha, mazkur kelishuv Tehronning AQSh va Isroil bilan urush boshlanganidan buyon qisqa masofali havo mudofaa imkoniyatlarini kuchaytirish bo‘yicha amalga oshirayotgan eng yirik tashabbuslaridan biri hisoblanadi.
Ma’lum bo‘lishicha, shartnoma Gonkongda ro‘yxatdan o‘tgan Zhongqing Baoshang International Investment kompaniyasi orqali tuzilgan. U Eron tomoni va xitoylik yetkazib beruvchi o‘rtasida vositachi vazifasini bajargan.
Reuters suhbatlashgan manbalarning aytishicha, AQSh va Isroil tomonidan raketa, dron hamda havo mudofaa tizimlari bilan bog‘liq obyektlarga berilgan zarbalar Eronning harbiy infratuzilmasidagi zaif nuqtalarni ko‘rsatib bergan. Shu bois Tehron qurollanish salohiyatini qayta tiklashga harakat qilmoqda.
Eron Tashqi ishlar vazirligi mazkur xabar yuzasidan izoh bermagan. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi esa ma’lumotlarni rad etib, bu xabarlar "mutlaqo asossiz" ekanini bildirgan. Pekin har qanday mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish tarafdori ekanini ta’kidlagan.
Manbalarning qayd etishicha, shartnoma imzolangan bo‘lsa-da, yetkazib berish muddati, aniq miqdori va texnik jihatlar o‘zgarishi mumkin. Dastlabki rejaga ko‘ra, qurollar Xitoyning Urumchi shahri orqali jo‘natiladi va Pokiston hududi orqali Eronga yetkaziladi.
Biroq tashish havo yoki quruqlik yo‘li bilan amalga oshirilishi hozircha ma’lum emas.
Pokiston armiyasining Jamoatchilik bilan aloqalar xizmati (ISPR) mamlakat Xitoydan Eronga havo mudofaa qurollarini yetkazib berishda ishtirok etayotgani haqidagi xabarlarni "butunlay to‘qima va yolg‘on" deb atagan.
Harbiy tahlilchilar fikricha, MANPADS turidagi tizimlar kichik bo‘linmalar tomonidan tez joylashtirilishi va oson ko‘chirilishi mumkin. Shu sababli ular statsionar havo mudofaa batareyalariga nisbatan aniq nishonli hujumlarga kamroq moyil hisoblanadi.
Reuters manbalariga ko‘ra, Eron QW-12, QW-18 va QW-19 rusumli majmualarni sotib olish imkoniyatlarini ham o‘rgangan. Shuningdek, Tehron Xitoy harbiy mahsulotlari va ikki xil maqsadda foydalanish mumkin bo‘lgan butlovchi qismlarni yetkazib berish uchun quruqlik yo‘nalishlaridan foydalanish masalasini ham muhokama qilgan.






