Marokash fuqarosi Abdurazzoq El Kansuli O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida mamlakatimizga bo‘lgan hurmat va samimiy ehtirom ramzi sifatida O‘zbekiston Davlat bayrog‘ini Marokashdagi Atlas tog‘ tizmasining eng baland nuqtasi — Tubqal cho‘qqisiga olib chiqdi.
Dengiz sathidan qariyb 4167 metr balandlikda joylashgan Tubqal cho‘qqisi Marokash va Shimoliy Afrikaning eng baland tog‘ nuqtasi hisoblanadi.
Abdurazzoq El Kansuli mazkur tashabbusi haqida so‘z yuritar ekan, bu uning "aziz O‘zbekiston va uning xalqiga bo‘lgan chuqur mehrining samimiy ifodasi" ekanini ta’kidlagan.
O‘zbekiston Respublikasi va Marokash Podshohligi o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1993 yil 11 oktyabrda o‘rnatilgan. O‘tgan yillar davomida ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy muloqot, xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik, shuningdek, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalar izchil rivojlanib kelmoqda.






