Jizzax shahridagi yirik tekstil korxonasida 2022-yildan beri sodir etib kelingan o‘g‘rilik holati fosh etildi. Jinoyatni korxonada qorovul bo‘lib ishlagan shaxs sodir etgani aniqlangan. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, korxona xo‘jalik mudiri Ichki ishlar organlarining 112 yagona dispetcherlik xizmatiga murojaat qilib, 2022-yildan beri korxona hududidan 91 dona elektor generatori va tikuv mashinalari o‘g‘irlanganini ma’lum qilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, gumonlanuvchilar mis kabellarini olish maqsadida binoga devorni buzib kirish orqali kirgan.
Murojaat asosida Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tezkor qidiruv xizmati xodimlari tomonidan keng qamrovli tadbirlar o‘tkazilgan. Korxonada turli vaqtlarda qorovul bo‘lib ishlagan shaxslar tekshirilib, videokuzatuv kameralari yozuvlari hamda boshqa tezkor ma’lumotlar tahlil qilingan.
Tahlillar natijasida Sirdaryo viloyati davlat raqamiga ega bo‘lgan avtomashinalar ayrim kunlari kechki vaqtda korxona hududiga kirib, tongga yaqin chiqib ketgani aniqlangan.
Ushbu holatlar Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida yashovchi qorovul navbatchilik qilgan kunlarga to‘g‘ri kelgan. Tezkor tadbirlar davomida qorovul o‘z mahalladoshini navbatchilik vaqtida korxonaga chaqirib, elektr generatorlari va tikuv mashinalarini olib chiqib ketgani ma’lum bo‘lgan.
Shuningdek, mazkur mulklarni tashishda yana ikki nafar mahalladoshi ishtirok etgani aniqlangan.
Surishtiruvlar davomida o‘g‘irlangan elektr generatorlari, tikuv mashinalari hamda mis kabellari Toshkent viloyati Bekobod tumanida yashovchi metallolom qabul qilish bilan shug‘ullanuvchi shaxsga sotilgani ma’lum bo‘lgan.
Tezkor tadbirlar natijasida undan 4 ta elektr generatori va 7 ta tikuv mashinasi ashyoviy dalil sifatida olingan.
Hozirda Jizzax viloyati va shahar Ichki ishlar boshqarmalari xodimlari tomonidan mazkur shaxslarning boshqa jinoyatlarga aloqadorligini aniqlash bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv va tezkor tadbirlar davom ettirilmoqda.






