AsosiyJAMIYAT

Ichki ishlar vazirining sobiq o'rinbosari Bekmurod Abdullaev ishi yopiq sudda ko'riladi

Toshkent shahar sudlari ma'lum qilishicha, mazkur jinoyat ishlarida shaxsiy hayotga oid hamda qonun bilan muhofaza qilinadigan boshqa ma'lumotlar mavjudligi sababli sud ajrimlariga asosan sud jarayonlari yopiq tartibda o'tkaziladi.

'Ichki ishlar vazirining sobiq o'rinbosari Bekmurod Abdullaev ishi yopiq sudda ko'riladi'ning rasmi

Ichki ishlar vazirining sobiq o'rinbosari Bekmurod Abdullaev va boshqa ayblanuvchilarga oid jinoyat ishi yopiq sud majlisida ko'rib chiqiladi. Bu haqda Toshkent shahar sudlari ma'lum qildi.

Xabarga ko'ra, Jinoyat kodeksining 167-moddasi uchinchi qismi "a", "v", "g" bandlari, 205-moddasi ikkinchi qismi "a", "b" bandlari hamda boshqa moddalar bilan ayblanayotgan Bekmurod Abdullaev va yana 29 nafar sudlanuvchiga oid jinoyat ishi Jinoyat ishlari bo'yicha Yangihayot tuman sudi tomonidan Yunusobod tuman sudi binosida ko'rib chiqilmoqda.

Shuningdek, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining sobiq direktori Akmal Ortiqov va yana yetti nafar sudlanuvchiga oid jinoyat ishi Jinoyat ishlari bo'yicha Mirobod tuman sudida ko'rilmoqda. Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi uchinchi qismi "a", "v", "g" bandlari hamda boshqa moddalar bilan ayb e'lon qilingan.

Bundan tashqari, Jinoyat kodeksining 210-moddasi uchinchi qismi "a" bandi va boshqa moddalar bilan ayblanayotgan Alijon Ashurov hamda yana to'rt nafar sudlanuvchiga oid ish Jinoyat ishlari bo'yicha Bektemir tuman sudida mazmunan ko'rib chiqilmoqda.

Toshkent shahar sudlari ma'lum qilishicha, mazkur jinoyat ishlarida shaxsiy hayotga oid hamda qonun bilan muhofaza qilinadigan boshqa ma'lumotlar mavjudligi sababli sud ajrimlariga asosan sud jarayonlari yopiq tartibda o'tkaziladi.

    Boshqa yangiliklar