Toshkent shahrida markaziy ko‘chalar, maydonlar va yashil hududlarni obodonlashtirish uchun mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan 21,48 milliard so‘m ajratiladi. Bu haqda Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining qarorida belgilandi.
Qarorga ko‘ra, mablag‘larning 11,95 milliard so‘mi markaziy va eng muhim ko‘chalarga ekiladigan mavsumiy gullar hamda manzarali butalarni xarid qilishga yo‘naltiriladi.
Shuningdek, Markaziy maydonlarni ko‘kalamzorlashtirish boshqarmasiga 2,15 milliard so‘m, davlat obyektlari hududlarini obodonlashtirish bilan shug‘ullanuvchi boshqarmaga esa 900 million so‘m ajratiladi.
Muhim ko‘chalarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish boshqarmasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun yana 3,8 milliard so‘m yo‘naltirilishi belgilangan. Ushbu mablag‘lar mahalliy byudjet daromadlari rejasining ikkinchi chorak yakunlari bo‘yicha oshirib bajarilgan qismi hisobidan moliyalashtiriladi.
Bundan tashqari, ajratilgan mablag‘larning bir qismi ijtimoiy sohaga yo‘naltiriladi. Jumladan, Toshkent turizm va mehmonxona menejmenti texnikumi uchun asbob-uskunalar xarid qilishga 248 million so‘m, Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondining Toshkent shahar bo‘limi moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga 40,4 million so‘m ajratiladi.
Shu bilan birga, 2,39 milliard so‘m "Bilim" axborot-kutubxona markazi binosi va uning ichki xonalarini kapital ta’mirlash ishlariga sarflanadi.






