AsosiyDUNYO

Isroilda saylov oldidan yangi yahudiy-arab partiyasi tuzildi

Partiya hamrahbari Alon-Li Grinning so‘zlariga ko‘ra, asosiy e’tibor siyosiy tizimdan chetda qolganini his qilayotgan va avval saylovlarda ishtirok etmagan yoshlarga qaratilgan.

'Isroilda saylov oldidan yangi yahudiy-arab partiyasi tuzildi'ning rasmi

Isroilda joriy yilning 27 oktyabr kuni bo'lib o'tadigan parlament saylovlari arafasida yangi yahudiy-arab siyosiy partiyasi tashkil etildi. Partiya tashabbuskorlari yosh saylovchilarni siyosiy jarayonlarga faol jalb etishni maqsad qilgan. Biroq tahlilchilarning fikricha, ushbu siyosiy kuch arab saylovchilari ovozining yanada parchalanishiga olib kelishi va Bosh vazir Binyamin Netanyahu boshchiligidagi o'ng qanot koalitsiyasiga qarshi muxolifat imkoniyatlarini susaytirishi mumkin. Bu haqda Reuters xabar qildi.

Isroil aholisining qariyb beshdan bir qismini mamlakat fuqaroligiga ega falastinlik kelib chiqishli arablar tashkil etadi. Biroq ular an'anaviy ravishda yahudiy aholiga nisbatan kamroq darajada saylovlarda ishtirok etib keladi.

Ma'lum qilinishicha, "Hammamiz uchun joy" nomli yangi partiya chap qanot qarashlarini ilgari suradigan "Standing Together" harakati rahbarlari tomonidan tashkil etilgan. Iyun oyida faoliyatini boshlagan siyosiy kuch oktyabr oyidagi parlament saylovlarida qatnashishni rejalashtirmoqda.

Bu 2023 yil 7 oktyabrda HAMAS amalga oshirgan hujum va uning ortidan boshlangan G'azo urushi davridan keyin o'tkazilayotgan ilk umummilliy parlament saylovi bo'ladi. Yangi partiya mamlakatda yahudiylar va arablar o'rtasidagi hamjihatlikni mustahkamlash orqali hozirgi o'ng qanot hukumatini almashtirishni o'z oldiga maqsad qilib qo'ygan.

Partiya hamraxbari Alon-Li Grinning so'zlariga ko'ra, asosiy e'tibor siyosiy tizimdan chetda qolganini his qilayotgan va avval saylovlarda ishtirok etmagan yoshlarga qaratilgan.

Isroildagi arab jamoasi vakillari esa uzoq yillardan buyon o'zlariga nisbatan tengsiz munosabat saqlanib qolayotganini ta'kidlab keladi. Ular hozirgi hukumat davrida arablar yashaydigan hududlarga davlat mablag'lari yetarlicha ajratilmayotgani, shuningdek, zo'ravonlik bilan bog'liq jinoyatlar soni rekord darajaga etganini bildirmoqda.

2022 yilgi parlament saylovlarida arab saylovchilarning 53,2 foizi ovoz bergan bo'lsa, yahudiy saylovchilar o'rtasida bu ko'rsatkich qariyb 75 foizni tashkil etgan. Tahlilchilar aynan shu tafovut Binyaminn Netanyahuning yana hokimiyatga qaytishiga xizmat qilganini qayd etmoqda.

Ayni paytda to'rtta asosiy arab siyosiy partiyasi arab saylovchilari ovozini birlashtirish maqsadida yana ittifoq tuzish ustida ish olib bormoqda. Isroil qonunchiligiga muvofiq, partiya parlamentga kirishi uchun kamida 3,25 foiz ovoz to'plashi talab etiladi.

Mutaxassislar fikricha, agar yangi partiya mazkur saylov to'sig'ini enga olmasa, unga berilgan ovozlar amalda parlamentdagi arab vakilligiga ta'sir qilmaydi va bu ovozlar yo'qotilgan hisoblanishi mumkin. Isroil Demokratiya instituti eksperti Arik Rudnitskiy ham shu fikrni bildirgan.

Alon-Li Green esa partiyaning maqsadi mavjud elektoratni bo'lish emas, balki avval ovoz bermagan yangi saylovchilarni siyosiy jarayonga jalb qilish ekanini ta'kidladi. Shu bilan birga, u partiya boshqa siyosiy kuchlar bilan hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilayotganini, agar saylov to'sig'ini engish imkoni bo'lmasa, saylovda qatnashmaslik varianti ham ko'rib chiqilayotganini ma'lum qildi.

Ayni vaqtda arab siyosiy partiyalari rahbarlari yangi siyosiy kuchning parlamentdan o'rin olish ehtimolini yuqori baholamayotganini bildirmoqda. Hozirda arab partiyalari Knessetdagi 120 o'rindan 10 tasini egallab turibdi. Ular 2015 va 2020 yillarda yagona ro'yxat bilan saylovda qatnashganida eng yuqori natijalarni qayd etgan edi. Bu safar esa to'rt partiyadan faqat uchtasi birlashishga erishgan. Taal partiyasi rahbari Ahmad Tibiyning ta'kidlashicha, asosiy vazifa arab siyosiy kuchlarini yagona ro'yxat atrofida birlashtirish bo'lib qolmoqda.

    Boshqa yangiliklar