Toshkent shahridagi 35 ta bozor, savdo kompleksi hamda ularning shahobchalari ommaviy savdolarga chiqariladi. Bu O‘zbekiston Prezidentining "Toshkent shahrini 2026–2027 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorida belgilangan.
Hujjatga ko‘ra, ommaviy savdolarda buyurtmachi sifatida "Toshkent invest kompaniyasi" aksiyadorlik jamiyati ishtirok etadi. Kompaniya har bir ob’ekt bo‘yicha tayyor biznes loyihasini ishlab chiqadi va shu asosda ularni savdoga chiqaradi.
Shuningdek, bozorlarni sotishdan tushgan mablag‘ning 1 foizi hamda savdoga chiqarish bilan bog‘liq xarajatlar mazkur kompaniyaga yo‘naltiriladi.
Qarorga muvofiq, bozor va savdo komplekslari o‘rnida zamonaviy ekobozorlar, savdo va xizmat ko‘rsatish majmualari, ko‘ngilochar markazlar hamda ko‘p qavatli avtoturarjoylar barpo etilishi shart qilib belgilangan.
Ommaviy savdoga chiqariladigan ob’ektlar orasida "Chorsu" dehqon bozori, "O‘rikzor" savdo kompleksi, "Qo‘yliq" dehqon bozori, "Sergeli" dehqon bozori, "Yangiobod" ixtisoslashgan bozori, "Parkent" universal savdo kompleksi, "Chilonzor" buyum savdo kompleksi, "Qoraqamish", "Aviasozlar", "Farhod", "Navro‘z" dehqon bozorlari hamda ularning qator shahobchalari bor.
Bundan tashqari, hujjatda Toshkent shahridagi boshqa dehqon bozorlari, ixtisoslashtirilgan va buyum bozorlari, ularning shahobchalari hamda bo‘sh turgan maydonlari ham tasdiqlanadigan master-rejalar va belgilanadigan shartlar asosida baholangan qiymatda elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarilishi nazarda tutilgan.






