Davlat rahbari o‘z tabrigida O‘zbekistonda qaror topgan tinchlik va osoyishtalik, millatlararo totuvlik, dinlararo bag‘rikenglik hamda hamjihatlik xalqning eng katta boyliklaridan biri ekanini ta’kidladi.
"Bugungi kunda yurtimizda 130 dan ziyod millat va elat, 16 ta diniy konfessiya vakillari bir oila farzandlari kabi ahil va inoq yashab, mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda", — dedi Prezident.
Shavkat Mirziyoyev so‘nggi yillarda "Bizning kuchimiz — birlik va hamjihatlikda" g‘oyasi asosida O‘zbekistonda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikning o‘ziga xos modeli shakllanganini qayd etdi.
Uning ta’kidlashicha, bugun mamlakatda 157 ta milliy madaniy markaz va 46 ta do‘stlik jamiyati faoliyat yuritmoqda. Ularning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, turli bayramlar, festivallar va ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish uchun zarur sharoitlar yaratilgan.
Prezident O‘zbekistonda ta’lim jarayonlari yetti tilda olib borilayotgani, teleradiokanallarda 12 tilda ko‘rsatuv va eshittirishlar efirga uzatilayotgani, 14 tilda gazeta va jurnallar chop etilayotganini ma’lum qildi.
Shuningdek, davlat rahbari turli millat vakillari orasidan yetishib chiqqan deputatlar, senatorlar, davlat va jamoat arboblari, ilm-fan, madaniyat, san’at, sport hamda biznes sohasi vakillarining mamlakat rivojiga qo‘shayotgan hissasini alohida qayd etdi.
Tabrikda Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik aloqalariga ham to‘xtalib o‘tildi. Prezident qo‘shni mamlakatlar bilan strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolishini ta’kidladi.
Shavkat Mirziyoyev san’at va madaniyat xalqlarni yaqinlashtiruvchi muhim vosita ekanini qayd etib, mamlakatda turli millat vakillaridan tarkib topadigan professional "Do‘stlik" ansamblini tashkil etish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.
"Xalqlar do‘stligi — bu muqaddas insoniy qadriyat, tinch, erkin va farovon hayot garovidir", — deya ta’kidladi Prezident.
Davlat rahbari barcha yurtdoshlarni Xalqlar do‘stligi kuni bilan tabriklab, ularga sihat-salomatlik, oilaviy baxt va mamlakat ravnaqi yo‘lidagi ishlarida ulkan zafarlar tiladi.






