AsosiyJAMIYAT

Namanganda yashirin omborxonadan qariyb 1,5 milliard so‘mlik dori vositalari musodara qilindi.

Hozirda mazkur dori vositalari yuzasidan ekspertiza tayinlangan bo‘lib, holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

'Namanganda yashirin omborxonadan qariyb 1,5 milliard so‘mlik dori vositalari musodara qilindi.'ning rasmi

Namangan shahridagi xonadonlardan birida tashkil etilgan yashirin omborxonadan 1,4 milliard so‘mlik, tegishli sifat sertifikatiga ega bo‘lmagan dori vositalari aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, aholi salomatligi xavfsizligini ta’minlash maqsadida Davlat xavfsizlik xizmati, Bojxona qo‘mitasi hamda Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Tadbir davomida Namangan shahrida yashovchi, 2003 yilda tug‘ilgan shaxsning yashash manzili ko‘zdan kechirilgan. Tekshiruv chog‘ida xonadondagi yashirin omborxonadan xorijda ishlab chiqarilgan, biroq tegishli sifat sertifikatiga ega bo‘lmagan “Ortofen”, “Neyroks”, “Tirozol”, “Siofor” hamda boshqa nomdagi jami 28 turdagi 28 ming 928 dona dori vositasi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Ma’lum qilinishicha, mamlakat hududiga noqonuniy yo‘llar bilan olib kirilgan ushbu dori vositalarining taxminiy qiymati 1,4 milliard so‘mni tashkil etadi.

Hozirda mazkur dori vositalari yuzasidan ekspertiza tayinlangan bo‘lib, holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Davlat xavfsizlik xizmati fuqarolardan shunga o‘xshash qonunbuzilish holatlariga duch kelganda, idoraning 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib xabar berishni so‘radi. Qayd etilishicha, murojaat qiluvchilarning shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.

    Boshqa yangiliklar