AsosiyJAMIYAT

Davlat zaxirasidagi yerni olib berishni va'da qilgan shaxslar ushlandi

Andijon viloyati Marhamat tumanida davlat zahirasida bo‘lgan yer maydonini olib berishni va’da qilib, fuqarodan pul talab qilgan shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

'Davlat zaxirasidagi yerni olib berishni va'da qilgan shaxslar ushlandi'ning rasmi

Ma'lum qilinishicha, Marhamat tumanidagi bank xizmatlari markazlaridan birining rahbari va "Norin-Qoradaryo" irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi mashinisti o'zaro til biriktirgan.

Ular 1989 yilda tug'ilgan fuqaroning ishonchiga kirib, Marhamat tumani hokimligi zaxirasida bo'lgan 24 sotix yer maydoniga go'yoki turar joy toifasiga oid hujjatlar mavjudligini aytgan. Shuningdek, ushbu yerni mansabdor tanishlari orqali fuqaro nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 39 ming AQSh dollari talab qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o'tkazilgan tezkor tadbir davomida mashinist oldindan 25 ming AQSh dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo'zg'atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Davlat xavfsizlik xizmati fuqarolardan shu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelganda, 1520 qisqa raqami orqali xabar berishni so'ramoqda. Murojaat qilgan shaxsning ma'lumotlari sir saqlanishi kafolatlanadi.

    Boshqa yangiliklar