Rossiya tomonidan Ukrainaning poytaxti Kiyevga ballistik raketalar bilan zarba berilgani oqibatida kamida to‘qqiz kishi halok bo‘ldi, 28 nafar, jumladan to‘rt nafar bola jarohat oldi. Bu haqda Kiyev meri Vitaliy Klichko ma'lum qildi.
Hujum shanba kuni ertalab amalga oshirilgan bo‘lib, shahar bo‘ylab o‘nlab portlashlar eshitilgan. Ayrim hududlarda yong‘inlar yuzaga kelgan va elektr ta'minotida uzilishlar kuzatilgan.
Kiyevdagi Shevchenkovskiy tumanida turar joy binosining ayrim qismlari vayron bo‘lgan. Qulagan qavatlar ostida odamlar qolib ketgani aytilgan.
Bu hafta Kiyevga qilingan ikkinchi yirik hujum hisoblanadi. So‘nggi oylarda Rossiya Ukrainaning turli hududlariga, xususan Kiyevga ballistik raketalar orqali hujumlarni kuchaytirgan.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy G‘arb davlatlaridan havo hujumlariga qarshi mudofaa vositalari, jumladan Patriot tizimlari uchun yordamni oshirishni so‘ramoqda.






