AsosiyJAMIYAT

Yaponiyada viza muddatini buzgan ikki nafar o‘zbekistonlik deportatsiya qilindi.

Elchixona fuqarolarni viza qoidalariga rioya qilish va noqonuniy ishlash bilan bog‘liq takliflardan ehtiyot bo‘lishga chaqirdi.

'Yaponiyada viza muddatini buzgan ikki nafar o‘zbekistonlik deportatsiya qilindi.'ning rasmi

Yaponiya Immigratsiya xizmati agentligi mamlakatda noqonuniy bo'lib turgan ikki nafar O'zbekiston fuqarosini deportatsiya qildi. Bu haqda Yaponiyaning O'zbekistondagi elchixonasi ma'lum qildi.

Qayd etilishicha, har ikki fuqaro Yaponiyaga qisqa muddatli viza bilan borgan. Biroq viza muddati tugagach ham mamlakatni tark etmagan. Keyinchalik ular huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ushlanib, deportatsiya qilingan.

Elchixonaga ko'ra, Yaponiyada noqonuniy bo'lish yoki ruxsatsiz mehnat faoliyati bilan shug'ullanish aniqlansa, qoidabuzarlar ushlanadi, immigratsiya markaziga joylashtiriladi va mamlakatdan chiqarib yuboriladi.

Shuningdek, Yaponiya tomoni qoidabuzarlar haqidagi ma'lumotlarni O'zbekistonning tegishli idoralariga taqdim etishi mumkin. Shu bois fuqarolarga "Yaponiyada oson ishlash mumkin" kabi asossiz takliflarga ishonmaslik tavsiya etildi.

Elchixona Yaponiyada qochqinlik maqomini so'rab ariza berish mamlakatda uzoq vaqt qolish yoki ishlash imkonini beradi, degan fikr haqiqatga to'g'ri kelmasligini ham eslatdi.

Agar ariza rad etilsa, shaxs immigratsiya markaziga joylashtirilishi yoki deportatsiya qilinishi mumkin. Shuningdek, qochqinlik maqomini olish uchun yolg'on ma'lumot taqdim etish yoki qonunni chetlab o'tishga urinish jiddiy huquqiy oqibatlarga sabab bo'lishi ta'kidlandi.

    Boshqa yangiliklar