AQSh prezidenti Donald Tramp Eronga qarshi rejalashtirilgan zarbalarni, agar Tehron bilan tez orada kelishuvga erishilsa, bekor qilganini ma'lum qildi.
Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog'idagi bayonotida hujumni "tezkor kelishuv tuzish imkoniyati saqlanib qolishi sharti bilan" to'xtatganini yozdi. Uning so'zlariga ko'ra, kelishuv Eron yadroviy tahdidini bartaraf etish va Hurmuz bo'g'ozini zudlik bilan ochishni o'z ichiga olishi kerak.
AQSh prezidenti qaror Isroil bilan birgalikda qabul qilinganini aytdi. Bu bayonot AQSh Eronga qarshi yangi va kuchli zarbalar berishni rejalashtirayotgani haqidagi xabarlar fonida yangradi.
Tramp AQSh harbiy kuchlari Eronga qarshi "Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng yuqori darajada" tayyor holatga keltirilganini ta'kidladi. Biroq uning aytishicha, Eron va Yaqin Sharqdagi boshqa davlatlar muzokaralarga imkoniyat berish uchun hujumni to'xtatishni so'ragan.
U tomonlar kelishuvning asosiy shartlari bo'yicha kelishib olganini bildirgan. Eron tomoni hozircha Tramp bayonotiga rasmiy munosabat bildirmagan.
Avvalroq AQSh hukumati Yaqin Sharqda bo'lgan amerikaliklarni ehtiyotkor bo'lishga va vaziyat keskinlashsa, hududni tark etishga tayyor turishga chaqirgan edi. Rasmiylar aviaqatnovlar bekor qilinishi, havo hududlari yopilishi va safarlarda uzilishlar bo'lishi mumkinligidan ogohlantirgan.






