AQSh Dengiz piyodalari korpusiga tegishli F-35B beshinchi avlod qiruvchi samolyoti Kaliforniya shtatidagi San-Diego yaqinida halokatga uchradi. Xorijiy manbalarga tayanib Zamon.uz xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa Miramar harbiy-havo bazasi yaqinida sodir bo‘lgan. Uchuvchi favqulodda vaziyatda katapult tizimidan foydalanib, samolyotni tark etishga muvaffaq bo‘lgan. U tibbiy muassasaga olib borilgan, shifokorlar uning ahvoli barqaror ekani va hayotiga xavf yo‘qligini ma’lum qilgan.
Hodisadan so‘ng samolyot qulagan hududda kuchli yong‘in yuzaga kelgan. Voqea joyiga harbiylar, yong‘in-qutqaruv xizmatlari va maxsus texnikalar jalb etilgan. Qutqaruvchilar samolyot qoldiqlari atrofidagi yong‘inni bartaraf etish ishlarini olib borgan.
F-35B — F-35 oilasiga kiruvchi, qisqa masofadan uchish va vertikal qo‘nish imkoniyatiga ega bo‘lgan zamonaviy qiruvchi samolyot hisoblanadi. Uning bir donasi qiymati taxminan 109 million dollarga baholanadi.
AQSh Hisob palatasi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat Qurolli kuchlarida 630 dan ortiq F-35 turli modifikatsiyadagi samolyotlar xizmat qilmoqda. Shuningdek, kelgusida yana minglab shunday qiruvchilarni xarid qilish rejalashtirilgan.
Mazkur hodisa F-35 samolyotlari bilan bog‘liq navbatdagi avariyalardan biri bo‘ldi. Hozirda mutaxassislar qiruvchining nima sababdan qulaganini aniqlash bo‘yicha tekshiruv boshlagan.






