Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanida xizmat vazifasini bajarayotgan Yo‘l-patrul xizmati inspektori avtomobil urib ketishi oqibatida halok bo‘ldi.
Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi ma’lum qilishicha, hodisa 2026 yil 31 iyul kuni soat taxminan 23:30 da O‘zbekiston tumani “O‘qchi” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidan o‘tuvchi 40V064 avtomobil yo‘lining 20-kilometrida sodir bo‘lgan.
Qayd etilishicha, 1996 yilda tug‘ilgan haydovchi A.E. mast holatda “Spark” rusumli avtomashinani boshqarib kelayotgan vaqtida tungi xizmatda bo‘lgan Farg‘ona viloyati IIB Jamoat xavfsizligi xizmati YHXB 2-mintaqaviy hudud YPH otryadi 3-safarbar guruhi katta inspektori, serjant Xayitbek Karimjonovning transport vositasini to‘xtatish haqidagi qonuniy talabiga bo‘ysunmagan.
Shundan so‘ng haydovchi inspektorni urib yuborgan. Oqibatda og‘ir tan jarohatlari olgan Xayitbek Karimjonov shifoxonaga olib borilgan. Biroq shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan tibbiy yordamlarga qaramay, u jonlantirish bo‘limida vafot etgan.
Ma’lum qilinishicha, serjant Xayitbek Karimjonov 2022 yildan buyon ichki ishlar organlarida xizmat qilib kelgan. Uning ortidan onasi, turmush o‘rtog‘i va ikki nafar farzandi qolgan. Farg‘ona viloyati IIB rahbariyati va shaxsiy tarkibi marhum xodimning oila a’zolari hamda yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etdi. Hodisa yuzasidan belgilangan tartibda tekshiruv ishlari olib borilmoqda.






