AsosiyJAMIYAT

Saida Mirziyoyeva: Hayvonlarga nisbatan shafqatsizlik uchun javobgarlik kuchaytirildi

Uning ta'kidlashicha, 2026 yil 28 iyundan boshlab mazkur turdagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni oshiruvchi qonunchilik normalari kuchga kirgan.

'Saida Mirziyoyeva: Hayvonlarga nisbatan shafqatsizlik uchun javobgarlik kuchaytirildi'ning rasmi

O‘zbekistonda hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lgan shaxslar uchun jazo choralari kuchaytirildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, 2026-yil 28-iyundan boshlab mazkur turdagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni oshiruvchi qonunchilik normalari kuchga kirgan. Yangi tartibga ko‘ra, hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lgan shaxslarga nisbatan ma’muriy jarimalar miqdori ikki baravar oshirilgan.

Shuningdek, bunday huquqbuzarlik uchun 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilishi mumkin. Qonunchilikda belgilangan tartibda huquqbuzarlikni takroran sodir etgan shaxslar esa jinoyiy javobgarlikka tortilishi, hatto ozodlikdan mahrum qilish jazosiga duch kelishi mumkin.

Saida Mirziyoyeva bu kabi choralar nafaqat qonunbuzarlarni jazolash, balki jamiyatda mehr-oqibat, mas’uliyat va tirik mavjudotlarga hurmat tuyg‘ularini shakllantirishga xizmat qilishini qayd etdi. “Barchamiz zo‘ravonlikka murosasiz munosabatda bo‘lsakkina, jamiyatimizda xavfsizlik hukm surishi mumkin. Alloh yaratgan har bir mavjudotning qadri bor”, — dedi u.

Prezident administratsiyasi rahbari, shuningdek, bolalarda hayvonlarga nisbatan mehr va shafqat tuyg‘usini shakllantirishda ota-onalarning o‘rni katta ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, farzandlarga kuch ishlatish yoki zo‘ravonlikni ustunlik sifatida ko‘rsatish noto‘g‘ri ekanini yoshlikdan tushuntirish zarur.

    Boshqa yangiliklar