AsosiyJAMIYAT

Toshkentda 9 qavatli uy yonidagi kotlovan o‘pirilishi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Toshkent shahri Olmazor tumanida 9 qavatli uy yonida mehmonxona qurilishi uchun qazilgan kotlovan cheti o‘pirilishi yuzasidan jinoyat ishi ochildi.

'Toshkentda 9 qavatli uy yonidagi kotlovan o‘pirilishi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi'ning rasmi

Bu haqda Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov Darakchi.uz so‘roviga ko‘ra ma’lum qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, hodisa 2 avgust kuni Olmazor tumanidagi “Orzu” massivi, 3-uy manzilida joylashgan qurilish obyektida sodir bo‘lgan. 

Avvalroq Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi kotlovan o‘pirilishi pudrat tashkiloti tomonidan qazish ishlarini amalga oshirish jarayonida yo‘l qo‘yilgan ehtiyotsizlik oqibatida yuzaga kelganini ma’lum qilgandi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda hodisa vaqtida elektr kabeli shikastlangani, yong‘in chiqqan va ayrim ishchilar jarohatlangani aks etgan. 

Toshkent shahar hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, hodisa oqibatida bir nafar fuqaro jabrlangan. Unga o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Bosh prokuratura axborotida esa jabrlangan shaxs hozirda shifoxonada davolanayotgani aytilgan.

Tergovga qadar tekshiruv davomida qurilish ishlariga mas’ul bo‘lgan MChJ mansabdor shaxslarining harakatlarida Jinoyat kodeksining 257-moddasi (mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) hamda 192¹¹-moddasida (nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish) nazarda tutilgan jinoyat alomatlari aniqlangan.

Shu munosabat bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Toshkent shahar hokimligi mas’ul shaxslarning harakatlariga huquqiy baho berilishi, shaharsozlik qonunchiligi va qurilish me’yorlarini buzgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishini ma’lum qilgan.

    Boshqa yangiliklar