AsosiyJAMIYAT

BMT Bosh Assambleyasi Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilgari surilgan rezolyutsiyani qabul qildi

Mazkur hujjat a'zo davlatlarning mutlaq ko'pchilik ovozi bilan ma'qullangan. Ovoz berish jarayonida 167 ta davlat rezolyutsiyani qo'llab-quvvatlagan.

'BMT Bosh Assambleyasi Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilgari surilgan rezolyutsiyani qabul qildi'ning rasmi

AQShning Nyu-York shahrida bo'lib o'tgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi yig'ilishida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida tayyorlangan "Ijtimoiy rivojlanishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to'g'risida"gi rezolyutsiya qabul qilindi.

Mazkur hujjat a'zo davlatlarning mutlaq ko'pchilik ovozi bilan ma'qullangan. Ovoz berish jarayonida 167 ta davlat rezolyutsiyani qo'llab-quvvatlagan.

Ushbu tashabbus ilk bor Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2020 yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqi davomida ilgari surilgan edi.

O'tgan davr mobaynida O'zbekiston diplomatiyasining sa'y-harakatlari natijasida mazkur g'oya xalqaro hujjat shakliga keltirildi va jahon hamjamiyati tomonidan qo'llab-quvvatlandi.

Rezolyutsiyada parlamentlarning ijtimoiy taraqqiyotni ta'minlashdagi o'rnini kuchaytirish, ijtimoiy tenglikni ta'minlash, xotin-qizlar va yoshlarning siyosiy jarayonlardagi ishtirokini kengaytirish, shuningdek, rivojlanayotgan davlatlar o'rtasida hamkorlikni mustahkamlash masalalari aks etgan.

Hujjatda O'zbekistonda o'tkazilgan Parlamentlararo Ittifoqning 150-Assambleyasi hamda unda qabul qilingan Toshkent deklaratsiyasi alohida qayd etilgan.

Ma'lum qilinishicha, rezolyutsiyaga 61 ta davlat, jumladan Avstriya, Germaniya, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Braziliya va Ispaniya kabi mamlakatlar hammuallif sifatida qo'shilgan.

Qayd etilishicha, mazkur hujjat O'zbekistonning xalqaro maydondagi tashabbuslari va parlament diplomatiyasini rivojlantirish yo'lidagi yana bir muhim qadam bo'ldi.

    Boshqa yangiliklar