AsosiyJAMIYAT

O'zbekistonda uysiz fuqarolar uchun yangi tizim joriy etiladi

Ayni paytda respublika bo‘yicha 726 o‘ringa mo‘ljallangan 11 ta reabilitatsiya markazi faoliyat yuritmoqda.

'O'zbekistonda uysiz fuqarolar uchun yangi tizim joriy etiladi'ning rasmi

O‘zbekistonda doimiy yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi tizim joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan takliflar muhokamasi chog‘ida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, ayni paytda respublika bo‘yicha 726 o‘ringa mo‘ljallangan 11 ta reabilitatsiya markazi faoliyat yuritmoqda. 2026 yilning birinchi yarmida mazkur muassasalarga 1,1 ming nafar fuqaro joylashtirilgan.

Yangi takliflarga ko‘ra, mavjud reabilitatsiya muassasalari vaqtincha joylashtirish va ijtimoiy reintegratsiya markazlariga aylantiriladi. Uysiz fuqarolar ushbu markazlarga o‘z murojaatiga asosan, “mahalla yettiligi”ning o‘rganishi natijalariga ko‘ra yoki ijtimoiy xodim hamda profilaktika inspektori ko‘magida joylashtiriladi.

Har bir shaxs uchun alohida ijtimoiy reintegratsiya rejasi ishlab chiqiladi. Unda shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni tiklash, tibbiy va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish, kasb-hunarga o‘qitish hamda ishga joylashtirish kabi chora-tadbirlar nazarda tutiladi.

Shuningdek, markazlar huzurida aholi bandligiga ko‘maklashuvchi bo‘linmalar tashkil etiladi. Bo‘sh turgan binolar esa imtiyozli shartlarda tadbirkorlarga ijaraga berilishi belgilanmoqda.

Takliflarga muvofiq, doimiy yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarga kasb-hunar o‘rganishi uchun voucherlar ajratish, ularni ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalar ro‘yxatiga kiritish hamda ular uchun alohida ish o‘rinlarini zahira qilish ham rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, davlat ijtimoiy buyurtmasi asosida xususiy tashkilotlar ham vaqtincha boshpana, issiq ovqat, kiyim-kechak va boshqa ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish jarayoniga jalb etiladi.

    Boshqa yangiliklar