Ma'lum qilinishicha, Andijon viloyatidagi “Andijon suv ta'minoti” aksiyadorlik jamiyatining tuman filiallaridan biri rahbari xizmat mavqeidan foydalanib, mansabdor tanishlari orqali 1983 yilda tug'ilgan fuqaroning yangi qurilgan xonadoniga oqova suv tarmog'ini tortish uchun ruxsatnoma olish hamda kanalizatsiya nasosi o'rnatishda yordam berish evaziga 8,5 ming AQSh dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o'tkazilgan tezkor tadbirda mazkur mansabdor so'ralgan pul mablag'ini uchinchi shaxs orqali olgan vaqtida ushlandi.
Yana bir holat Qashqadaryo viloyatida qayd etildi. Viloyat OITSga qarshi kurashish markazining tumanlaridan biridagi OIV diagnostika laboratoriyasi laboranti 1996 yilda tug'ilgan fuqaroga nisbatan tayinlangan ekspertiza xulosasini mansabdor tanishlari orqali uning foydasiga ijobiy hal qilib berish evaziga 3 ming AQSh dollari olgan vaqtida qo'lga olindi.
Tezkor tadbir davom ettirilib, laborantdan 2,5 ming AQSh dollari olgan vaqtida Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazining tuman bo'limi boshlig'i ham ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda har ikki holat yuzasidan tegishli moddalar bilan jinoyat ishlari qo'zg'atilgan. Ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.






