AsosiyJAMIYAT

Toshkentda Qatortol bozori atrofidagi noqonuniy qurilmalar buzilmoqda

Toshkent shahrining Chilonzor tumanida jamoat joylarini tartibga keltirish va noqonuniy qurilmalarni bartaraf etish ishlari davom etmoqda.

'Toshkentda Qatortol bozori atrofidagi noqonuniy qurilmalar buzilmoqda'ning rasmi

Bugun, 4 avgust kuni Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzakov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Jamoat xavfsizligi va qonun ustuvorligini ta’minlash masalalari bo‘yicha departamenti boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Aziz Azimov, shahar boshqarmalari, tegishli idoralar hamda Chilonzor tumani hokimligi rahbarlari bilan birgalikda tumanda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Shahar hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, o‘rganishlar davomida jamoat hududlarini noqonuniy qurilmalardan tozalash, obodonlashtirish, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish va xavfsiz shahar muhitini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

Xususan, mutasaddilar Qatortol ko‘chasi va bozori hududida bo‘lib, uzoq yillar davomida piyodalar yo‘lagini egallab kelgan o‘zboshimchalik bilan qurilgan inshootlarni demontaj qilish ishlarini ko‘zdan kechirdi. Ta’kidlanishicha, mazkur qurilmalar tufayli fuqarolar ko‘p hollarda avtomobillar qatnov qismi orqali harakatlanishga majbur bo‘lgan.

Rasmiylarga ko‘ra, amalga oshirilayotgan ishlar piyodalar uchun xavfsiz va qulay sharoit yaratishga qaratilgan. Yo‘laklar, avvalo, bolalar, keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, bolalar aravachasi bilan harakatlanuvchi ota-onalar hamda shahar bo‘ylab piyoda yuradigan barcha fuqarolar uchun mo‘ljallangan.

Shuningdek, tashrif davomida Zarqo‘rg‘on mahallasidagi obodonlashtirish ishlari, Navbahor mahallasida elektr ta’minoti barqarorligini oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar hamda Lutfiy mahallasida joylashgan GES-9 podstansiyasidagi mavjud muammolar ham o‘rganildi.

Qayd etilishicha, ushbu ishlardan ko‘zlangan asosiy maqsad poytaxtni har bir fuqaro uchun yanada qulay, xavfsiz va shinam shaharga aylantirish, jamoat joylarida qonuniy tartibni ta’minlash hamda shahar infratuzilmasini izchil takomillashtirishdan iborat.

    Boshqa yangiliklar