O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan xalqaro qidiruvga berilgan O‘zbekiston fuqarosi Turkiyada qo‘lga olinib, mamlakatga ekstraditsiya qilindi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, A.A. ismli shaxs qariyb bir yarim yil davomida xalqaro qidiruvda bo‘lgan. U Turkiya hududida yashirinib yurgan vaqtida aniqlanib, ikki davlatning vakolatli idoralari hamkorligida O‘zbekistonga topshirilgan.
Maʼlum qilinishicha, mazkur shaxsga nisbatan tergov va sud jarayonlarini davom ettirish maqsadida u huquqni muhofaza qiluvchi organlar ixtiyoriga o‘tkazilgan.
Bosh konsulxonaga ko‘ra, O‘zbekiston va Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari o‘rtasidagi hamkorlik xalqaro qidiruvdagi shaxslarni aniqlash, ularni javobgarlikka tortish hamda jinoyatchilikka qarshi kurashish yo‘nalishida izchil davom etmoqda.






