Amsterdamning "Ayaks" klubi Germaniya milliy terma jamoasi darvozaboni Mark-Andre ter Shtegenni o'z safiga qo'shib olganini e'lon qildi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
Ma'lum qilinishicha, 34 yoshli darvozabon joriy mavsum yakuniga qadar ijara asosida Niderlandiya klubi sharafini himoya qiladi. Tasdiqlanmagan ma'lumotlarga ko'ra, futbolchining oylik maoshining qariyb 90 foizi uning huquqiy egasi bo'lgan "Barselona" tomonidan qoplab beriladi.
Ma'lumot uchun, Mark-Andre ter Shtegen 2014 yildan buyon "Barselona" safida to'p surib kelayotgan edi. U 2025/26 yilgi mavsumning ikkinchi qismini ijara asosida "Jirona"da o'tkazdi. Biroq jarohati tufayli atigi ikki uchrashuvda maydonga tushishga muvaffaq bo'ldi.
O'tgan mavsumda "Ayaks" Niderlandiya chempionati — Eredivizini beshinchi o'rinda yakunladi. Shuningdek, jamoa mamlakat kubogi musobaqasida 1/8 finalgacha yetib bordi va UEFA Chempionlar ligasi saralash bosqichidan o'ta olmadi.
Shu sababli Amsterdam klubi yangi mavsumda UEFA Konferensiyalar ligasida ishtirok etadi.






