Videoda tuman hokimi xonadonlardan biriga kirib, uy-joy hududidagi sanitariya holati, chiqindilar hamda hovlidagi tartibsizliklarni tanqid qilgani aks etgan.
Kadrlarda Samad Hasanov xonadon egasiga yashash joyini ozoda saqlash, maishiy chiqindilarni belgilangan tartibda chiqarish va hovlini obod holatda saqlash zarurligini tushuntirgan. Uning ta'kidlashicha, hovlida to'planib qolgan chiqindilar va qarovsizlik nafaqat yashash sharoitiga, balki atrofdagilarda ham salbiy taassurot uyg'otadi.
“Bu xonadonga tashqaridan qaragan odam uni tashlab ketilgan qabriston deb o'ylaydi. O'choq yonida supurindilar yig'ilib qolgan. Deraza taglariga, uy atrofiga qarang. Oshxona yonida ham chiqindilar tartibsiz tashlab qo'yilgan”, deydi hokim videoda.
Tasvirlarda mahalla raisi sifatida tanishtirilgan ayol ham xonadon egasini tanqid qilib, mahalla faollari bir necha bor tozalikka rioya qilish bo'yicha ogohlantirganini aytgan.
Shuningdek, Samad Hasanov xonadondagi tartibsizlik oilaning turmush tarzi va kelajagiga ham salbiy ta'sir ko'rsatishi mumkinligini ta'kidlab, “Ertaga shu ro'zg'orga normal odam kelin bermaydi”, degan fikrni bildirgan.
Videoning yakunida hokim aniqlangan kamchiliklar yuzasidan chora ko'rilishini ma'lum qilib, tegishli tartibda jarima qo'llanilishini aytgan.
“Hozir jarimani urasiz. Uy, axlat — hammasi uchun. Menga birontasidan iltimos qildi, kechirim so'radi degan gap kerak emas”, deydi u.
Ayni paytda mazkur holat yuzasidan Shahrisabz tumani hokimligi yoki boshqa vakolatli idoralar rasmiy izoh bermagan.
Shu bilan birga, videoning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalishi jamoatchilik o'rtasida turlicha munosabatlarga sabab bo'ldi. Xususan, ayrim foydalanuvchilar fuqaroning videotasvirga olinib, ommaga e'lon qilinganini tanqid qilmoqda.






