AsosiyJAMIYAT

Davlat xizmatchilari maoshi yangi tizim asosida shakllantirilishi mumkin

Ish haqi fondining 70 foizgacha qismi esa xodimning aniq natijalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lanmagan turli ustama, mukofot va rag‘batlantiruvchi to‘lovlar hisobiga shakllanadi.

'Davlat xizmatchilari maoshi yangi tizim asosida shakllantirilishi mumkin'ning rasmi

Oʻzbekistonda davlat fuqarolik xizmatchilarining mehnatiga haq toʻlash tizimini takomillashtirish boʻyicha yangi takliflar koʻrib chiqildi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdimot oʻtkazildi.

Maʼlum qilinishicha, soʻnggi yillarda davlat xizmatida kadrlarni tanlash, ishga qabul qilish va xodimlarni ragʻbatlantirish tizimini takomillashtirish boʻyicha qator islohotlar amalga oshirilgan.

Shuningdek, davlat fuqarolik xizmatchilarining huquq va majburiyatlari, faoliyatining asosiy tamoyillarini belgilab beruvchi alohida qonun qabul qilingan. Davlat organlaridagi boshqaruv xodimlarining shtat birliklari 2016 yildagi 73 mingtadan 54 mingtaga qisqartirilgan.

Taqdimot davomida amaldagi mehnatga haq toʻlash tizimidagi ayrim muammolar tahlil qilingan. Qayd etilishicha, hozirgi kunda davlat xizmatchilari ish haqida lavozim maoshining ulushi 15 foizdan oshmaydi.

Ish haqi fondining 70 foizgacha qismi esa xodimning aniq natijalariga toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻlanmagan turli ustama, mukofot va ragʻbatlantiruvchi toʻlovlar hisobiga shakllanadi.

Bu esa bir xil lavozimda ishlaydigan va oʻxshash vazifalarni bajaradigan xodimlar oʻrtasida ish haqi boʻyicha katta tafovutlarni keltirib chiqarmoqda. Ayrim vazirlik va idoralarning hududiy boʻlinmalaridagi xodimlar maoshi hokimliklardagi xuddi shunday lavozim egalari bilan solishtirilganda tenglik tamoyiliga toʻliq mos kelmasligi qayd etilgan.

Shuningdek, davlat xizmatchilari mehnatiga haq toʻlash sohasini tartibga soluvchi yagona huquqiy hujjat mavjud emasligi aytildi. Hozirda turli davlat organlarida mehnatga haq toʻlash shartlariga oid 50 dan ortiq normativ hujjat amal qilmoqda.

Shu munosabat bilan davlat fuqarolik xizmatchilari uchun yagona, ochiq va natijaga asoslangan mehnatga haq toʻlash tizimini joriy etish taklif qilindi.

Yangi tizim 54 ming nafar davlat xizmatchisini qamrab olishi rejalashtirilmoqda. Unga koʻra, davlat organlari milliy, respublika, hududiy hamda tuman va shahar darajalariga ajratiladi. Xodimlar esa bajaradigan vazifalariga qarab maʼmuriy boshqaruv, asosiy va qoʻllab-quvvatlash guruhlariga boʻlinadi.

Xalqaro tajriba asosida 11 ta razryad va 6 ta pogʻonadan iborat yangi ish haqi setkasini joriy etish taklif qilingan. Bunda amaldagi koʻplab ustama va mukofotlar oʻrniga uchta asosiy ragʻbatlantirish toʻlovi belgilanadi.

Jumladan, xodimning malaka darajasi, funksional vazifalarni bajarishi, ijro intizomi, tashabbuskorligi hamda samaradorlik koʻrsatkichlari (KPI) asosida ustama toʻlanishi koʻzda tutilmoqda.

Bundan tashqari, muhim va murakkab vazifalarni bajargan, innovatsion yondashuvlarni joriy etgan hamda yuqori natijalarga erishgan xodimlarga hisobot davri yakuni boʻyicha bonus toʻlovlari berish taklif qilinmoqda.

Hududiy boshqarmalar xodimlarining ish haqi tegishli hokimliklardagi oʻxshash lavozimlar maoshidan yuqori boʻlmasligi belgilanadi. Tuman va shaharlarda shtat birliklari hamda ish haqi miqdorini belgilashda aholi soni va hududning oʻziga xos xususiyatlari hisobga olinadi.

Yangi tizimga koʻra, har bir davlat xizmatchisi oʻz ish haqi qanday shakllanishi, qaysi natijalar uchun ustama yoki bonus olishini oldindan bilishi mumkin boʻladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev mehnatga haq toʻlash tizimida adolat va shaffoflikni taʼminlash, ish haqini xodimning malakasi, masʼuliyati va erishgan natijalari bilan bogʻlash muhimligini taʼkidladi.

Shuningdek, bonus toʻlovlari xodimlarning zamonaviy axborot texnologiyalari, jumladan, sunʼiy intellekt sohasidagi bilim va koʻnikmalarni oʻzlashtirishi, malakasini oshirishi hamda kasbiy rivojlanishi kabi aniq mezonlar asosida belgilanishi qayd etildi.

    Boshqa yangiliklar