AsosiyJAMIYAT

Raqobat qo‘mitasiga yarim yilda 23 mingdan ortiq murojaat kelib tushdi

Bu haqda qo‘mita raisi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha maslahatchisi Otabek Usmonov ma’lum qildi.

'Raqobat qo‘mitasiga yarim yilda 23 mingdan ortiq murojaat kelib tushdi'ning rasmi

Qayd etilishicha, kelib tushgan murojaatlarning 1 ming 254 tasi yozma, 6 ming 299 tasi elektron, 15 ming 615 tasi esa og‘zaki shaklda bo‘lgan. Og‘zaki murojaatlar shaxsiy qabullar, sayyor qabullar, mas’ul xodimlar qabuli hamda ishonch telefoni orqali qabul qilingan.

Murojaatlarning kelib tushish manbalari tahlil qilinganda, eng ko‘p murojaatlar qo‘mitaning 1159 qisqa raqami va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi orqali kelib tushgani aniqlangan.

Xususan, qo‘mitaning 1159 qisqa raqami orqali 14 ming 345 ta, Prezidentning Virtual qabulxonasi orqali 6 ming 690 ta murojaat qabul qilingan.

Shuningdek, qo‘mitaning rasmiy elektron manzili orqali 310 ta, www.raqobat.gov.uz sayti orqali 342 ta, O‘zbekiston Respublikasi Xalq qabulxonalari orqali 27 ta, qo‘mita rahbariyatining shaxsiy va sayyor qabullari orqali 76 ta hamda mas’ul xodimlar qabuli orqali 124 ta murojaat kelib tushgan.

Tahlillarga ko‘ra, murojaatlarning asosiy qismi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etilishi, reklama sohasidagi munosabatlar, savdo va xizmat ko‘rsatish, kommunal xizmatlar, aloqa, transport hamda qurilish sohalariga oid masalalarni qamrab olgan.

Qo‘mita tomonidan murojaatlarni o‘z vaqtida va sifatli ko‘rib chiqishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlangan. Jumladan, hududlarda o‘tkazilayotgan sayyor qabullar davomida ko‘plab murojaatlar joyida ijobiy hal etilmoqda.

Shuningdek, murojaatlar tahlili asosida 10 ga yaqin yo‘nalishda tizimli o‘rganishlar tashkil etilgan.

O‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida 10 million 459 ming 182 nafar fuqaroning manfaatlari himoya qilinib, ular foydasiga qariyb 59 milliard so‘m mablag‘ qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlangan.

Qo‘mita har chorak yakuni bo‘yicha murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalari haqidagi ma’lumotlarni rasmiy axborot resurslari va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali jamoatchilikka yetkazib bormoqda.

Shu bilan birga, qo‘mita va uning hududiy organlarida murojaatlar bilan ishlash holati muntazam o‘rganilib, hay’at yig‘ilishlarida muhokama qilinmoqda. Murojaatlarni ko‘rib chiqishda mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan xodimlarga nisbatan belgilangan tartibda intizomiy choralar qo‘llanilayotgani qayd etilgan.

Raqobat qo‘mitasi kelgusida ham jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini qonunchilik talablari asosida tezkor, xolis va sifatli ko‘rib chiqish, tizimli muammolarni bartaraf etish hamda iste’molchilar huquqlarini ishonchli himoya qilish bo‘yicha ishlarni davom ettirishini ma’lum qildi.

    Boshqa yangiliklar