AsosiyJAMIYAT

Kadastr tizimida katta o‘zgarishlar kutilmoqda: “bitta ariza – bitta to‘lov” tamoyili joriy etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Kadastr agentligi faoliyatini yangicha yondashuvlar asosida tashkil etish hamda aholi va tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlarni soddalashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

'Kadastr tizimida katta o‘zgarishlar kutilmoqda: “bitta ariza – bitta to‘lov” tamoyili joriy etiladi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Kadastr agentligi faoliyatini yangicha yondashuvlar asosida tashkil etish hamda aholi va tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlarni soddalashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Taqdimotda qayd etilishicha, so‘nggi ikki yilda 1 million 200 mingdan ortiq ko‘chmas mulk obyekti xatlovdan o‘tkazilib, qo‘shimcha 16,5 ming gektar yer maydoni va 49 million kvadrat metr qurilish maydoni aniqlangan.

Aniqlangan obyektlarning 270 mingtasi kadastr bazasiga kiritilib, byudjet uchun yiliga 315 milliard so‘mlik qo‘shimcha soliq bazasi yaratilgan. Hozirda kadastr xizmatlarining 90 foizi onlayn tarzda ko‘rsatilmoqda.

Shu bilan birga, sohada aholi va tadbirkorlarni qiynayotgan qator muammolar saqlanib qolayotgani ta’kidlandi. Joriy yilning birinchi yarmida kadastr xizmatlari bo‘yicha 1 milliondan ortiq ariza kelib tushgan bo‘lsa, ularning 330 mingtasi, ya’ni qariyb 30 foizi rad etilgan.

Taqdimotda ta’kidlanishicha, bu holat fuqarolarning ortiqcha vaqt va mablag‘ sarflashiga, shuningdek, korrupsiyaviy xavflarning ortishiga sabab bo‘lmoqda.

Qayd etilishicha, ayrim xizmatlar uchun qarorlarni markazlashgan tartibda qabul qilish amaliyoti ham aholi uchun qo‘shimcha to‘siqlar yaratmoqda. Masalan, bitta hovlini aka-uka o‘rtasida taqsimlash uchun to‘rtta, bitta merosni uch qismga ajratish uchun esa oltita ariza topshirish talab etiladi. Bir ariza o‘rtacha 30–50 bosqichda ko‘rib chiqilib, jarayon 15–20 kungacha cho‘ziladi.

Taqdimotda Kadastr agentligining boshqaruv tizimi ham tanqidiy tahlil qilindi. Ayni paytda tuman va viloyatlarda Kadastr agentligi hamda Kadastr palatasining alohida tuzilmalari mavjud bo‘lib, bu ikki xil boshqaruv tizimini yuzaga keltirgani qayd etildi.

Shu munosabat bilan kadastr xizmatlarini bosqichma-bosqich quyi bo‘g‘inga o‘tkazish, hududiy bo‘linmalar vakolatlarini kengaytirish hamda respublika darajasidagi xodimlarning kamida 30 foizini tumanlarga o‘tkazish taklif qilindi.

Shuningdek, “bitta ariza – bitta to‘lov” tamoyilini joriy etish rejalashtirilmoqda. Yangi tartibga ko‘ra, ko‘chmas mulkka huquq yuzaga kelganda ariza avtomatik shakllantiriladi va proaktiv davlat xizmati ko‘rsatiladi.

Bu orqali yiliga 1 million 200 ming nafar arizachining vaqti va mablag‘ini tejash, 200 mingga yaqin ortiqcha arizani qisqartirish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayoni to‘liq onlayn shaklga o‘tkaziladi. Natijada har yili 500 mingga yaqin ariza hozirgi 10–15 kun o‘rniga bir necha soniya ichida rasmiylashtirilishi mumkin bo‘ladi.

Taqdimotda ma’muriy javobgarlikni maqbullashtirishga oid takliflar ham ma’qullandi. Xususan, 2018-yilga qadar noqonuniy qurilgan uy-joylar uchun jarima qo‘llamaslik, noqonuniy qurilish ixtiyoriy ravishda bartaraf etilganda javobgarlikni yengillashtirish hamda ko‘chmas mulk huquqini o‘z vaqtida ro‘yxatdan o‘tkazmagan shaxslarga birinchi marta jarima o‘rniga ogohlantirish berish taklif etilmoqda.

Yakunda mutasaddilarga kadastr xizmatlarini yanada soddalashtirish, ortiqcha byurokratik bosqichlar va to‘lovlarni qisqartirish, vakolatlarni hududlarga berish hamda soha xodimlarining mehnat sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.

    Boshqa yangiliklar