Rossiyaning Moskva shahri Presnenskiy tuman sudi blogger Guseyn Gasanovni jinoiy daromadlarni legallashtirishda aybdor deb topib, sirtdan 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qildi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
Ma‘lum qilinishicha, sud Gasanovga umumiy tartibdagi koloniyada jazo o‘tash hukmini chiqargan.
Tergov ma‘lumotlariga ko‘ra, u yakka tartibdagi tadbirkor sifatida 175 million rubldan ortiq soliq to‘lamagan. Shuningdek, blogger ushbu mablag‘ning 68 million rubldan ortiq qismini Moskva-Siti majmuasidan ko‘chmas mulk sotib olish bilan bog‘liq moliyaviy operatsiyalar orqali legallashtirganlikda ayblangan.
Sud uni Rossiya Jinoyat kodeksining 174.1-moddasi to‘rtinchi qismi "b" bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topdi.
Ma‘lumot uchun, Guseyn Gasanov rus tilida faoliyat yurituvchi eng mashhur bloggerlardan biri hisoblanadi. U hajviy videolari, qimmatbaho avtomobillar o‘ynaladigan givlari hamda bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan "Millioner fikrlashi" nomli pullik onlayn-kursi bilan tanilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil 14 may kuni Moskva shahri Chertanovo tuman sudi Gasanovni jinoiy daromadlarni legallashtirish bo‘yicha ish doirasida sirtdan qamoqqa olish haqida qaror chiqargan edi. Shundan so‘ng u xalqaro qidiruvga berilgan.






