AsosiyDUNYO

Rossiyada ikki yil ichida kamida olti generalga suiqasd uyushtirilgan

Rossiyada so‘nggi ikki yil davomida kamida olti nafar yuqori martabali harbiy amaldor suiqasd nishoniga aylangan.

'Rossiyada ikki yil ichida kamida olti generalga suiqasd uyushtirilgan'ning rasmi

Ulardan uch nafari portlashlar oqibatida halok bo‘lgan, yana biri esa qurolli hujumda og‘ir jarohat olgan. Bu haqda Meduza nashri xabar berdi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi nishon Rossiya Aerokosmik kuchlari qo‘mondoni Aleksandr Chayko bo‘lgan. Joriy yilning 1 avgust kuni Moskvadagi “Balzi Rossi” restorani yaqinida sodir bo‘lgan portlash aynan unga qarshi uyushtirilgan bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda. Biroq Rossiya rasmiylari ushbu voqea yuzasidan hozircha batafsil ma’lumot bermagan.

Meduza qayd etishicha, so‘nggi yillardagi eng shov-shuvli hodisalardan biri Rossiya Qurolli kuchlarining radiatsiya, kimyoviy va biologik himoya qo‘shinlari rahbari Igor Kirillovning o‘limi bo‘lgan. U 2024 yil dekabr oyida Moskvada uyidan chiqayotgan vaqtda skuterga o‘rnatilgan portlovchi moslama portlashi oqibatida halok bo‘lgan. Portlashda uning yordamchisi ham vafot etgan.

Shuningdek, 2025 yil aprel oyida Rossiya Bosh shtabi Bosh operativ boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Yaroslav Moskalik Moskva viloyatining Balashixa shahrida avtomobilga o‘rnatilgan portlovchi moslama ishga tushishi oqibatida halok bo‘lgan.

Nashrda keltirilishicha, joriy yil fevral oyida Rossiya Bosh shtabi Bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Vladimir Alekseyevga qarshi ham suiqasd uyushtirilgan. U Moskvadagi uyi kirish qismida sodir bo‘lgan qurolli hujumda og‘ir jarohat olgani aytilgan.

Bundan tashqari, Meduza general-mayor Azatbek Omurbekovga qarshi ham suiqasd uyushtirilgani haqida anonim Telegram-kanallarida xabarlar tarqalganini yozgan. Biroq bu ma’lumot rasmiy manbalar tomonidan tasdiqlanmagan.

Nashrning ta’kidlashicha, Rossiya rasmiylari ayrim hodisalar bo‘yicha tergov harakatlari olib borilayotganini ma’lum qilgan bo‘lsa-da, hujumlarning aksariyati yuzasidan batafsil axborot taqdim etilmagan.

Meduza xulosasiga ko‘ra, Ukraina bilan urush boshlanganidan buyon Rossiya harbiy rahbarlari nafaqat front hududlarida, balki mamlakat ichida ham xavfsizlik tahdidlariga duch kelmoqda.

    Boshqa yangiliklar