Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida qariyb 100 yillik 11 tup Zarafshon archasi noqonuniy ravishda qo‘porib tashlangani aniqlandi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, hodisa 3 avgust kuni Sariosiyo tumanidagi Sangardak mahallasi hududida joylashgan Uzun o‘rmon xo‘jaligiga qarashli maydonda sodir bo‘lgan. Tekshiruv davomida bir nechta daraxt qo‘porilgani va ularga zarar yetkazilgani aniqlangan.

Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, daraxtlarni qo‘porish ishlari hech qanday ruxsatnomasiz amalga oshirilgan. Shuningdek, mas’ul ekologik nazorat inspektorlarining ogohlantirishlariga qaramasdan, ishlar davom ettirilgan.
Hozirda mutaxassislar tomonidan tabiatga yetkazilgan ekologik zarar miqdori hisoblab chiqilmoqda. Shu bilan birga, mazkur hududda amalga oshirilgan qurilish ishlarining ekologik qonunchilik talablariga muvofiqligiga huquqiy baho berilmoqda.

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tekshiruv yakunlari bo‘yicha aybdor shaxslarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘rilishini ma’lum qildi. Qo‘shimcha axborot tekshiruv natijalariga ko‘ra jamoatchilikka e’lon qilinishi bildirildi.






