Xitoyda "dunyodagi eng xunuk it" deb ta’riflanayotgan Syuaxua (Huahua) laqabli it qisqa vaqt ichida ijtimoiy tarmoqlar yulduziga aylandi. Bu haqda Xitoy ommaviy axborot vositalari xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bor-yo‘g‘i bir hafta ichida Syuaxua ishtirok etgan qisqa videolar turli platformalarda millionlab marta tomosha qilingan. Foydalanuvchilar uning g‘ayrioddiy tashqi ko‘rinishini "xunuk, ammo jozibali" deya baholab, hazil tariqasida "go‘zallik tanlovida oxiridan birinchi o‘rinni egallagan it" deb atashmoqda.
Mahalliy OAV ma’lumotiga ko‘ra, Syuaxuaning ota-onasi ko‘rgazmalarda qatnashadigan zotdor border-kolli itlari hisoblanadi. Bir tug‘ilgan boshqa kuchukchalar esa zot standartiga to‘liq mos tashqi ko‘rinishga ega bo‘lgan. Biroq Syuaxua kam uchraydigan genetik mutatsiya oqibatida butunlay boshqacha qiyofada tug‘ilgan. Uning junlari tartibsiz o‘sgan bo‘lib, quloqlarining ikki tomonida patga o‘xshash jun tutamlari ajralib turadi.
Aynan shu g‘ayrioddiy tashqi ko‘rinishi sababli itni uzoq vaqt sotishning iloji bo‘lmagan. Ammo uning videosi tasodifan internetga joylanganidan so‘ng Syuaxua qisqa vaqt ichida mashhurlikka erishgan. Natijada 3-avgust kuni u yangi egasiga 2400 yuan, ya’ni taxminan 4,3 million so‘mga sotilgan.






