AsosiyJAMIYAT

SpaceX raketasining 4 tonnalik qismi bugun Oyga qulaydi

Gap 2025-yil yanvar oyida Firefly Aerospace kompaniyasining Oyga qo‘nish apparatini koinotga olib chiqqan Falcon 9 raketasining ikkinchi bosqichi haqida ketmoqda.

'SpaceX raketasining 4 tonnalik qismi bugun Oyga qulaydi'ning rasmi

AQSHning SpaceX kompaniyasiga tegishli raketa bo‘lagi bugun, 5-avgust kuni Oy yuzasiga yuqori tezlikda urilishi kutilmoqda. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.

Gap 2025-yil yanvar oyida Firefly Aerospace kompaniyasining Oyga qo‘nish apparatini koinotga olib chiqqan Falcon 9 raketasining ikkinchi bosqichi haqida ketmoqda. Odatda bunday raketa qismlari vazifasini bajargach Yer atmosferasida yonib ketadi yoki Tinch okeanning oldindan belgilangan hududiga tushiriladi. Ammo mazkur missiya Oyga yo‘naltirilgani bois raketaga ko‘proq energiya sarflangan va uning ikkinchi bosqichi koinotda qolib ketgan.

Ma’lum qilinishicha, og‘irligi qariyb 4 tonna bo‘lgan raketa qismi Sharqiy Amerika vaqti bilan soat 02:35 da (GMT bo‘yicha 06:35) Oy yuzasiga soatiga taxminan 8 ming 690 kilometr tezlikda uriladi.

SpaceX ma’lumotiga ko‘ra, to‘qnashuv rejalashtirilmagan. Raketa bo‘lagi Oyning Yerdan yaxshi ko‘rinmaydigan g‘arbiy qismida joylashgan Eynshteyn krateriga tushishi kutilmoqda.

To‘qnashuv natijasida Oy yuzasida chang ko‘tarilishi mumkin. Olimlar uning Quyosh nuri ta’sirida yoritilish ehtimoli borligini aytmoqda. Biroq bu hodisani Yerdan oddiy ko‘z bilan kuzatish deyarli imkoni yo‘q.

Astronomlar raketa bo‘lagi joriy yil boshida Oy orbitasiga tushganini aniqlagan. SpaceX kompaniyasining NASA ilmiy dasturlari va Dragon loyihasi direktori Julianna Shaymanning ta’kidlashicha, Quyosh faolligi hamda turli osmon jismlarining tortishish kuchi ta’sirida raketa qismi Oy tomon og‘gan.

Astronomik dasturlar ishlab chiquvchisi Bill Grey ushbu hodisa Yer uchun xavf tug‘dirmasligini, ammo kosmik chiqindilarni nazorat qilish va ularni utilizatsiya qilish masalasiga jiddiyroq yondashish zarurligini qayd etgan.

Bu Oyga kosmik chiqindilar birinchi marta urilayotgani yo‘q. 2022-yilda Xitoy raketa tashuvchisining bir qismi Oy yuzasiga qulagan edi. Undan avval, 2009-yilda NASA Oy tarkibini o‘rganish maqsadida raketa bosqichini ataylab uning yuzasiga yo‘naltirgan.

Shuningdek, so‘nggi yillarda Oyga yumshoq qo‘nishga qaratilgan bir nechta missiya ham muvaffaqiyatsiz yakunlangan. Xususan, Rossiyaning "Luna–25" apparati 2023-yilda, Hindistonning "Chandrayaan–2" hamda Isroilning "Bereshit" apparati esa 2019-yilda Oy yuzasiga qattiq qo‘nib, ishdan chiqqan.

    Boshqa yangiliklar