AsosiyJAMIYAT

Qurollangan shaxs Trampning golf klubi yaqinida qo‘lga olindi

Ma’lum qilinishicha, hodisa 2-avgust kuni Donald Trampning mazkur hududga tashrifi arafasida sodir bo‘lgan.

'Qurollangan shaxs Trampning golf klubi yaqinida qo‘lga olindi'ning rasmi

AQSH Prezidenti Donald Trampning Kaliforniya shtatdagi golf klubi yaqinida qurollangan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, hodisa 2-avgust kuni Donald Trampning mazkur hududga tashrifi arafasida sodir bo‘lgan. Xavfsizlikni ta’minlayotgan Maxfiy xizmat agentlari shubhali harakat qilayotgan erkakni kuzatuvga olgan.

Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, gumonlanuvchi golf klubi atrofida aylanib yurgan, hududni foto va videotasvirga olgan hamda xavfsizlik xizmati xodimlarining harakatlarini kuzatgan.

Qo‘lga olingan shaxs 38 yoshli Janin Jon Tele ekani aniqlangan. Uning avvaldan bosqinchilik bilan bog‘liq jinoyat bo‘yicha tergov ostida bo‘lgani ma’lum qilingan.

Tintuv vaqtida gumonlanuvchining yonidan o‘q-dorilar, avtomobilidan esa o‘qlangan to‘pponcha topilgan. Shuningdek, uning yashash manzilidan bir nechta qurol-yarog‘, zirhli nimcha hamda huquq-tartibot idoralari tomonidan "xavotirli" deb baholangan yozuvlar mavjud daftarlar musodara qilingan.

So‘nggi yillarda Donald Trampga nisbatan bir necha bor suiqasd uyushtirishga urinishlar qayd etilgan.

Jumladan, joriy yil aprel oyida Vashington shahridagi Washington Hilton mehmonxonasida Tramp va uning ma’muriyati vakillari ishtirokidagi tadbir vaqtida otishma sodir bo‘lgan. Keyinchalik gumonlanuvchi davlat amaldorlariga suiqasd uyushtirishni rejalashtirganini tan olgan.

Iyun oyida esa Federal qidiruv byurosi Oq uyda o‘tkazilishi rejalashtirilgan UFC turniri chog‘ida amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan yana bir suiqasdning oldi olinganini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2024-yil 13-iyul kuni Pensilvaniya shtatidagi saylovoldi mitingida Donald Tramp qulog‘idan yaralangan edi. Hujum oqibatida miting ishtirokchilaridan biri halok bo‘lgan, yana ikki kishi jarohatlangan. Hujumchi — 20 yoshli Tomas Mettyu Kruks Maxfiy xizmat xodimlari tomonidan voqea joyida otib o‘ldirilgan.

Oradan ikki oy o‘tib, 2024-yil 15-sentyabr kuni Floridadagi Trampga tegishli golf klubi yaqinida yana bir suiqasdga urinish sodir bo‘lgan. Maxfiy xizmat xodimlari butalar orasida yashiringan Rayan Uesli Rautni payqab, unga qarata o‘t ochgan. 58 yoshli gumonlanuvchi voqea joyidan avtomobilda qochishga uringanida qo‘lga olingan. Hodisa joyidan nishonga olish moslamasi o‘rnatilgan AK-47 avtomati, ikkita ryukzak va GoPro videokamerasi topilgan. Keyinchalik unga suiqasdga tayyorgarlik ko‘rish aybi qo‘yilgan.

    Boshqa yangiliklar