Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi ko‘p qavatli uyda yong‘in sodir bo‘ldi. Hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘q. Bu haqda Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabar berdi.
Ma'lum qilinishicha, bugun, 5 avgust kuni soat 02:19 da Olmazor tumani, Usta Shirin ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uyning 6-kirish yo‘lagidagi elektr qutisida yong‘in kelib chiqqan.
Xabar asosida qutqaruv bo‘linmalari soat 02:25 da voqea joyiga yetib borgan. Yong‘in soat 03:58 da to‘liq bartaraf etilgan.
Qayd etilishicha, yong‘in oqibatida 6-kirish yo‘lagidagi taxminan 60 pogonometr maydondagi elektr kabellari yonib, zararlangan.
Qutqaruvchilar tomonidan ko‘p qavatli uydan 26 nafar fuqaro xavfsiz hududga evakuatsiya qilingan. Hodisa natijasida hech kim tan jarohati olmagan.
Ayni vaqtda yong‘in kelib chiqish sabablari va yetkazilgan zarar miqdori aniqlanmoqda.






