Rossiya qo‘shinlari bugun, 5 avgustga o‘tar kechasi Ukraina poytaxti Kiyev shahri va Kiyev viloyatiga ballistik raketalar hamda dronlar bilan ommaviy hujum uyushtirdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hujum oqibatida kamida 15 kishi halok bo‘lgan, qariyb 50 nafar inson jarohat olgan.
Kiyev viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Timur Tkachenkoning ma’lum qilishicha, halok bo‘lganlarning 14 nafari viloyat hududida qayd etilgan. Ulardan 9 nafari Brovari tumanida, 4 nafari Bucha tumanida, yana bir nafari esa Fastiv tumanida vafot etgan. Shuningdek, kamida 22 kishi turli darajada tan jarohati olgan.
Hujum oqibatida Bucha, Brovari va Fastiv tumanlarida katta vayronagarchiliklar yuzaga kelgan. Xususan, Brovari tumanida omborxonalar va ishlab chiqarish binolariga zarar yetgan. Bucha hamda Fastiv tumanlarida ham ombor binolari shikastlangan.
“Ukrzaliznitsya” kompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, Kiyev viloyatida hujum nishonlariga aylangan logistika markazlari yaqinidagi temir yo‘l platformasida bo‘lgan fuqarolar orasida ham qurbonlar bor.
Hujum Kiyev shahrining o‘ziga ham uyushtirilgan. Shahar meri Vitaliy Klichkoning bildirishicha, poytaxtda bir kishi halok bo‘lgan, yana 26 kishi jarohatlangan. Ularning 16 nafari shifoxonaga yotqizilgan bo‘lsa, to‘rt nafarining ahvoli og‘ir deb baholanmoqda.
Shuningdek, Goloseyev tumanida xususiy turar joy va omborxona vayron bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, vayronalar ostida odamlar bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, mazkur tumandagi noturar joy hududiga berilgan zarba oqibatida ammiak sizib chiqqani ma’lum qilingan.






