Toshkent shahrida chegara bojxona posti inspektori pora olgan vaqtida qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti ma'lum qildi.
Qayd etilishicha, Departamentning Toshkent shahar boshqarmasi xodimlari Bojxona qo‘mitasi bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazgan.
Unda Toshkent shahar Bojxona boshqarmasining "Keles" temir yo‘l chegara bojxona posti inspektori O.S. fuqaro A.Z.dan 3 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Tergov ma'lumotlariga ko‘ra, inspektor Respublika hududiga aylanma yo‘llar orqali olib kirilgan 10 dona iPhone rusumli uyali telefonni boshqa fuqarolarning pasport ma'lumotlaridan foydalangan holda ular nomiga bojxona hujjatlarini rasmiylashtirish va qurilmalarning IMEI kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazib berishni va'da qilgan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.






