Navoiy viloyatining Konimex tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida yirik miqdordagi giyohvandlik vositasi aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bojxona qo‘mitasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Konimex tumani hududida harakatlanayotgan “Cobalt” rusumli avtomashina to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilgan.
Tekshiruv jarayonida avtomashinada yo‘lovchi sifatida ketayotgan, 2002 yilda tug‘ilgan Qozog‘iston Respublikasi fuqarosiga tegishli sellofan paketdan 2 kilogramm 87 gramm “opiy” giyohvandlik vositasi topilib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu giyohvandlik vositasi avvalroq narkotik kuryerlar tomonidan qo‘shni davlatdan kontrabanda yo‘li bilan olib kirilib, maxsus yashirin joyga qoldirilgan. Qozog‘istonlik fuqaro esa uni ana shu xufyona joydan olib ketishga uringan.
Mazkur holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 246-moddasi ikkinchi qismi (kontrabanda) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Hozirda ushbu jinoyatga aloqador boshqa shaxslarni aniqlashga qaratilgan tergov harakatlari davom etmoqda.






