Toshkent viloyatining O‘rtachirchiq tumanida voyaga etmagan bolaning jinsiy daxlsizligiga qarshi jinoyat sodir etganlikda gumonlanayotgan shaxsga nisbatan ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Bu haqda Bolalar ombudsmani ma'lum qildi.
Qayd etilishicha, Bolalar ombudsmani kotibiyatiga O‘rtachirchiq tumanida yashovchi fuqaro O.S.dan murojaat kelib tushgan. Unda fuqaro M.A. tomonidan uning voyaga etmagan farzandi Q.M.ning jinsiy daxlsizligiga qarshi jinoiy harakatlar sodir etilgani aytilgan va holat bo‘yicha qonuniy chora ko‘rishda amaliy yordam so‘ralgan.
Mazkur murojaat asosida holat prokuratura organlari tomonidan o‘rganilgan. Tekshiruv jarayonida avvalroq jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqida qabul qilingan qaror bekor qilinib, qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilgan.
Natijada, fuqaro M.A.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 129-moddasi 3-qismi bilan ayblov e'lon qilinib, unga nisbatan "qamoqqa olish" tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Hozirda mazkur jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bolalar ombudsmani ushbu holat yuzasidan bolaning buzilgan huquqlarini tiklash va uning qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida nazoratni davom ettirishini ma'lum qildi.






