AsosiyJAMIYAT

Olimlar Yer aholisini ikki baravar qisqartirishni taklif qildi

Ayni paytda aholisi eng ko‘p davlatlar qatorida Hindiston va Xitoy yetakchilik qilmoqda. Ulardan keyin AQSh, Indoneziya va Pokiston kabi mamlakatlar o‘rin olgan.

'Olimlar Yer aholisini ikki baravar qisqartirishni taklif qildi'ning rasmi

Sayyora resurslarini saqlab qolish uchun Yer aholisini taxminan 4 milliard kishigacha kamaytirish kerak. Bu haqda olimlar tadqiqotiga tayanib, "Daily Mail" xabar berdi.

Nashrda qayd etilishicha, bu taklif birinchi qarashda keskin tuyulishi mumkin, ammo mutaxassislar aholi sonining jadal o'sishi tabiiy resurslarga bosimni kuchaytirayotganini ta'kidlamoqda.

So'nggi yuz yil ichida dunyo aholisi keskin ko'payib, 8,3 milliard kishiga etgan. Agar mavjud demografik tendensiyalar saqlansa, XXI asr oxiriga kelib aholi soni 11,4 milliard nafargacha etishi mumkin.

Tadqiqotchilar fikricha, so'nggi o'n yilliklarda inson faoliyatining tabiatga ta'siri sezilarli darajada oshgan. Jumladan, karbonat angidrid chiqindilari ko'paygan, biologik xilma-xillik qisqargan, energiya iste'moli va tabiiy boyliklarni qazib olish hajmi keskin oshgan.

Mutaxassislar ta'kidlashicha, keyingi ikki yuz yil davomida aholi sonini ixtiyoriy ravishda kamaytirish imkoni bo'lsa, bu atrof-muhitga bo'lgan bosimni pasaytirish va insoniyat uchun yetarli resurslarni ta'minlashga yordam berishi mumkin.

Shu bilan birga, olimlar bu maqsadga majburlash yoki kuch ishlatish orqali emas, balki ayollarning reproduktiv huquqlarini ta'minlash, ta'lim va tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish orqali erishish mumkinligini ta'kidlamoqda.

Ma'lumot uchun, hozirgi kunda dunyo aholisi 8,3 milliard kishidan oshgan. Aholining asosiy qismi Osiyo va Afrika qit'alarida yashaydi.

Tarixda dunyo aholisi ilk bor 1800 yilda 1 milliardlik chegaradan oshgan. Keyingi ikki asrda tibbiyot taraqqiyoti, sanitariya sharoitlarining yaxshilanishi va turmush darajasining o'sishi aholi sonining tez sur'atlarda ko'payishiga sabab bo'lgan.

Ayni paytda aholisi eng ko'p davlatlar qatorida Hindiston va Xitoy yetakchilik qilmoqda. Ulardan keyin AQSh, Indoneziya va Pokiston kabi mamlakatlar o'rin olgan.

BMT prognozlariga ko'ra, dunyo aholisi 2080-yillarga borib taxminan 10,3 milliard kishiga yetib, o'zining eng yuqori nuqtasiga chiqishi mumkin. Shundan so'ng aholi o'sishi sekinlashib, barqarorlashishi kutilmoqda.

    Boshqa yangiliklar