Toliblar hokimiyatga kelganidan so‘ng mamlakatda ayollar sporti deyarli yo‘q qilingan edi. Endi esa Afg‘oniston ayollar futbol terma jamoasi qariyb besh yillik tanaffusdan keyin Yangi Zelandiyada yana birlashdi va xalqaro maydonga qaytish yo‘lida ilk qadamni tashladi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, jamoa futbol bo‘yicha ikki norasmiy o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazish va o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarida ishtirok etish uchun Yangi Zelandiyaga kelgan. Bu futbolchilarning Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) joriy yil aprel oyida ularga kelajakda Afg‘oniston nomidan rasmiy musobaqalarda qatnashish huquqini bergan qaroridan keyingi ilk yig‘ini hisoblanadi.

Bunga qadar ayollar terma jamoasi xalqaro musobaqalarda ishtirok etishi uchun Afg‘oniston futbol federatsiyasining roziligi talab etilar edi. Ammo 2021 yil avgustida Toliblar hokimiyatni egallagach, mamlakatda ayollar va qizlar uchun keskin cheklovlar joriy qilindi. Ular o‘rta va oliy ta’limdan, ko‘plab kasblardan hamda uyushgan sport turlarida ishtirok etish huquqidan mahrum etildi.
Afg‘oniston ayollar milliy terma jamoasi 2007 yilda tashkil etilgan bo‘lib, Toliblar hokimiyatga qaytgach, uning a’zolari Avstraliya, Buyuk Britaniya, Portugaliya va boshqa davlatlarga evakuatsiya qilingan. Keyinchalik uzoq yillik sa’y-harakatlar natijasida qochqin futbolchilardan iborat "Afghan Women United" jamoasi shakllantirildi. FIFA qarori ularga Olimpiya o‘yinlari va jahon chempionati saralash bosqichlarida ishtirok etish imkoniyatini ochdi.
Jamoa futbolchilaridan biri Manoj Nuriyning aytishicha, u Qobul ko‘chalarida o‘g‘il bolalar bilan futbol o‘ynab katta bo‘lgan. Oilasi, ayniqsa akasi buni ma’qullamagani uchun u uzoq vaqt maydonga yuzini niqob bilan yopgan holda chiqqan.
"Televideniyeda chiqqanimdan keyin akam hammasini bilib qoldi. U juda qattiq g‘azablandi. Onam esa yig‘lab, agar futbolni tashlamasam, oila moddiy qiyinchilikka duch kelishini aytdi", deydi Nuriy.
Shunga qaramay, u futbolni tark etmagan. Toliblar hokimiyatga kelganidan keyin Avstraliyaga qochib ketishidan avval barcha medallari va sovrinlarini uyi hovlisiga ko‘mib ketgan.
"Bir kuni vataniga qaytib, ularni yana qazib olaman", deydi u.

Yana bir futbolchi Mursal Sodatning ta’kidlashicha, agar futbol bo‘lmaganida, u ham millionlab afg‘on qizlari kabi ta’lim olish va o‘z kelajagini tanlash imkoniyatisiz qolar edi.
Himoyachi Najma Orifiy esa o‘smirlik yillarida Hirot shahrida 45 darajadan yuqori issiqda mashg‘ulot o‘tkazganini eslaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qizlarga doimo eng noqulay mashg‘ulot vaqtlari ajratilgan. Shunga qaramay, uning jamoasi mamlakat chempionligini qo‘lga kiritgan va bu g‘alaba Hirotda ayollar futboliga munosabatni o‘zgartirgan.

"Shahar bo‘ylab suratlarimiz tushirilgan bannerlar ilingan edi. Odamlar biz bilan faxrlana boshladi. Ko‘proq oilalar qizlariga futbol o‘ynashga ruxsat berdi", deydi u.
Bugungi kunda Orifiy Angliyaning Donkaster shahrida yashaydi, kollejda jinoyat huquqini o‘qiydi va futbol faoliyatini davom ettirmoqda. Biroq u Afg‘onistondagi millionlab qizlarning hali ham erkinlikdan mahrum ekanini o‘ylab, o‘zini aybdor his qilishini tan oladi.
Yangi Zelandiyada o‘tkazilgan ikki o‘rtoqlik uchrashuvida Afg‘oniston ayollar jamoasi Kuk orollari terma jamoasiga avval 0:1, keyin esa 0:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Ammo futbolchilar uchun eng muhim natija hisob emas, balki ko‘p yillik sukutdan keyin yana Afg‘oniston bayrog‘i ostida birlashish imkoniyati bo‘ldi.






