Meksikaning Kulyakan shahrida TikTok ijodkori Sesar Gastelum jonli efir olib borayotgan vaqtda qurolli hujum oqibatida halok bo'ldi. Bu haqda "Animal Político" nashri xabar berdi.
Ma'lum bo'lishicha, qariyb 600 ming nafar obunachiga ega bo'lgan va hazilomuz kontentlari bilan tanilgan Gastelum do'stlari bilan fastfud restorani oldida to'g'ridan-to'g'ri efirda bo'lgan. Shu vaqtda ikki nafar shaxs mototsiklda kelib, blogerga yaqinlashgan.
Jonli efir tasvirida hujumchilardan biri Sesar Gastelumga qaratib o'q uzgani aks etgan. Oqibatda bloger olgan jarohatlari sabab voqea joyida vafot etgan.
Hozircha huquq-tartibot idoralari qotillik sabablari va hujumchilar shaxsi haqida rasmiy ma'lumot bermagan.
Qayd etilishicha, Meksikaning Sinaloa shtati poytaxti bo'lgan Kulyakan shahri uyushgan jinoiy guruhlar o'rtasidagi qarama-qarshiliklar tez-tez sodir bo'ladigan hududlardan biri hisoblanadi.
Eslatib o'tamiz, avvalroq Jizzaxlik 21 yoshli bloger Orzigul O'razmatova ham yo'l-transport hodisasi oqibatida halok bo'lgan edi.






