AsosiyJAMIYAT

Tojikistonda hijob kiygan ayollar bo'yicha reydlar o'tkazilmoqda

Hokimiyat vakillarining bildirishicha, mazkur tadbirlardan maqsad "begona madaniyat kirib kelishining oldini olish va milliy o'ziga xoslikni saqlash"dan iborat.

'Tojikistonda hijob kiygan ayollar bo'yicha reydlar o'tkazilmoqda'ning rasmi

Tojikistonning Panjakent shahrida mahalliy hokimiyat va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan milliy an’analarga mos kelmaydi deb baholangan kiyimlarga qarshi reydlar boshlandi. Bu haqda mahalliy OAV xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 4 avgust kuni Xalq demokratik partiyasining mahalliy bo‘limi tomonidan tarqatilgan suratlarda rasmiylar bosh, bo‘yin va yelkani yopib turadigan ro‘mol o‘ragan ayollar hamda qizlar bilan suhbatlashayotgani aks etgan. Ularning yonida militsiya xodimi ham bo‘lgan.

Hokimiyat vakillarining bildirishicha, mazkur tadbirlardan maqsad "begona madaniyat kirib kelishining oldini olish va milliy o‘ziga xoslikni saqlash"dan iborat.

Biroq hozircha reydlar doirasida qancha nafar ayol va qizlar bilan suhbat o‘tkazilgani ma’lum qilinmagan.

Manbaga ko‘ra, hijob kiyib yuradigan ayrim ayollar hokimiyat vakillari bilan bo‘lib o‘tgan suhbatlar haqida ochiq gapirishdan bosh tortgan. Ular bu holat shaxsiy hayoti yoki ish faoliyatida muammolar keltirib chiqarishidan xavotir bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil iyun oyida Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon "Bolani o‘qitish va tarbiyalash uchun javobgarlik to‘g‘risida"gi qonun hamda Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartirishlarni imzolagan edi.

Unga ko‘ra, "milliy madaniyatga yot" deb baholangan kiyimlarni olib kirish, sotish, targ‘ib qilish va kiyish taqiqlangan. Bu talablarni buzganlik uchun jarimalar belgilangan.

Shu bilan birga, qonunchilikda "yot kiyim" tushunchasiga aniq ta’rif berilmagan. Ammo amaliyotda Tojikiston hokimiyati ayollarning hijobi va ayrim diniy liboslariga nisbatan cheklovlarni qo‘llab kelmoqda.

    Boshqa yangiliklar