Toshkent shahrining Chilonzor tumanida joylashgan Milliy bog' sayilgohi hududidagi cho'milish sohilida 4 yoshli qizaloqning suvga cho'kib ketishi oqibatida vafot etgani yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Bu haqda Darakchi.uz'ga Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma'lum qildi.
Ma'lum qilinishicha, hodisa 2026-yil 5-avgust kuni taxminan soat 16:30 larda sodir bo'lgan. Dastlabki ma'lumotlarga ko'ra, 2022-yil 12-yanvarda tug'ilgan Farzona Rashidova opasi va buvisi bilan birga cho'milish uchun Milliy bog'dagi sohilga kelgan. Cho'milish jarayonida qizaloq suvga cho'kib ketgan.
Hodisa joyiga yetib kelgan tez tibbiy yordam xodimlari tomonidan unga birinchi tibbiy yordam ko'rsatilgan. Biroq shifokorlar uning hayotini saqlab qola olmagan.
Tez tibbiy yordam xodimlari tomonidan rasmiylashtirilgan ma'lumotnomaga ko'ra, marhumning tanasida tashqi tan jarohatlari aniqlanmagan.
Hozirda hodisa joyida tergov-tezkor guruhi, prokuratura hamda Sud-tibbiy ekspertiza byurosi xodimlari tomonidan o'lim sababini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Holat yuzasidan surishtiruv harakatlari davom etmoqda.






