Oqibatda poytaxt Tbilisi va mamlakatning aksariyat hududlari elektr energiyasiz qoldi. Bu haqda Gurjiston Birinchi kanali xabar berdi.
Ma'lum qilinishicha, mahalliy vaqt bilan soat 20:15 atrofida yuz bergan blekaut sabab Tbilisi metropoliteni faoliyati to'xtagan. Shuningdek, Gurjiston temir yo'llari poyezdlarining harakati ham vaqtincha bekor qilingan.
Guvohlarning so'zlariga ko'ra, Tbilisida do'konlar, restoranlar va boshqa savdo nuqtalarida ham elektr ta'minoti uzilgan. Ayrim tadbirkorlar ish faoliyatini davom ettirish uchun generatorlardan foydalangan.
Tbilisi Life Telegram-kanali ma'lumotiga ko'ra, Gurjiston Energetika va suv ta'minotini tartibga solish milliy komissiyasi a'zosi Georgiy Panganining aytishicha, elektr ta'minotidagi uzilish Inguri gidroelektr stansiyasi agregatlarida o'tkazilayotgan rejali sinovlar bilan bog'liq bo'lishi mumkin.
Uning ta'kidlashicha, mazkur sinovlar iyul oyida yuz bergan avariyalardan so'ng energetika tizimidagi zaif nuqtalarni aniqlash maqsadida o'tkazilgan. Hozirda nosozlikning aniq sabablarini o'rganish bo'yicha tahlil ishlari davom etmoqda.
Qayd etilishicha, bu Gurjistonda so'nggi ikki hafta ichida sodir bo'lgan uchinchi yirik blekaut hisoblanadi.
Avvalroq, 25 iyul kuni Tbilisida metro harakati to'xtab, suv ta'minoti va internet xizmatlarida ham uzilishlar kuzatilgan edi. Undan bir kun avval esa Tbilisi bilan bir qatorda Batumi, Kutaisi, Telavi, Borjomi, Bakuriani va Zugdidi shaharlari ham elektr ta'minotisiz qolgan.






