Ispaniyaning “Real Madrid” klubi Germaniyaning “RB Leipzig” jamoasi himoyachisi Yan Diomande transferini yakunlash arafasida turibdi. Bu haqda bir qator xorijiy manbalar xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, madridliklar 19 yoshli futbolchi uchun 125 million yevro to‘lashga tayyor. Bundan tashqari, kelishuvga yana 15 million yevrogacha bo‘lgan bonuslar ham kiritilgan. Hozirda tomonlar transferning so‘nggi huquqiy va rasmiy jihatlarini kelishib olmoqda.
Agar ushbu bitim rasman amalga oshsa, Yan Diomande “Real Madrid” tarixidagi eng qimmat transferga aylanadi.
E’tiborlisi, yosh himoyachi shu vaqtgacha kattalar darajasida atigi 46 ta rasmiy uchrashuvda maydonga tushgan. Bundan bir yil avval u Ispaniyaning ikkinchi divizionida ishtirok etuvchi “Leganes” klubida to‘p surgan va o‘sha vaqtda uning transfer qiymati 600 ming yevro deb baholangan edi.
Hozirga qadar “Real Madrid” tarixidagi eng qimmat xarid Jud Bellingem hisoblanadi. U 2023 yilda Germaniyaning “Borussiya Dortmund” klubidan 103 million yevro evaziga sotib olingan. Keyingi o‘rinlarni Garet Beyl (101 million yevro) hamda Eden Azar (100 million yevro) egallab turibdi.
Shu tariqa, agar Yan Diomande transferi 125 million yevro evaziga rasman tasdiqlansa, u “Real Madrid” tarixidagi eng qimmat futbolchi sifatida qayd etiladi.






