AsosiyJAMIYAT

80 km/soatdan ortiq tezlik oshirgan haydovchilar “prava”sidan mahrum qilinishi mumkin

O'zbekistonda belgilangan tezlik me'yorini soatiga 80 kilometrdan ortiq oshirgan haydovchilarni transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etish taklif qilinmoqda.

'80 km/soatdan ortiq tezlik oshirgan haydovchilar “prava”sidan mahrum qilinishi mumkin'ning rasmi

Bu haqda bugun, 6 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida ko‘rib chiqilgan yo‘l harakati xavfsizligi tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi muhokamasida ma’lum qilindi.

Qonun loyihasiga ko‘ra, Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks hamda “Yo‘l harakati to‘g‘risida”gi Qonunga bir qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilgan.

Xususan, voyaga yetmagan shaxsga transport vositasini boshqarishni topshirish oqibatida fuqaroning o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir tan jarohati olishi, inson halok bo‘lishi yoki boshqa og‘ir oqibatlar yuzaga kelgan taqdirda, transport vositasini topshirgan shaxs uchun jinoiy javobgarlik joriy etilishi taklif qilinmoqda.

Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga voyaga yetmagan shaxsga transport vositasini boshqarishni topshirish, avtomototransport vositalari poygasini noqonuniy tashkil etish yoki unda ishtirok etish, yuk avtomobillarini tungi vaqtda yo‘l harakati ishtirokchilariga xavf tug‘diradigan holatda yo‘l chetida qoldirish, transport vositasini hisobdan chiqarish tartibini buzish hamda belgilangan tezlikni soatiga 80 kilometrdan ortiq oshirish uchun alohida va kuchaytirilgan javobgarlik belgilash taklif etilmoqda.

Bundan tashqari, hujjatda transport vositasini mast holda boshqarish yoki tegishli tekshiruvdan o‘tishdan bosh tortish uchun belgilangan jazo choralarini takomillashtirish, ayrim qo‘pol qoidabuzarliklar takroran sodir etilganda esa jarimani chegirma asosida to‘lash imkoniyatini ma’lum muddatga cheklash ham nazarda tutilgan.

Qonun tashabbuskorlariga ko‘ra, mazkur o‘zgartishlar yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, harakat ishtirokchilarining hayoti va sog‘lig‘ini ishonchli himoya qilish, qo‘pol qoidabuzarliklar uchun javobgarlikning muqarrarligini ta’minlash hamda haydovchilar mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladi.

    Boshqa yangiliklar