CAF matbuot xizmati tarqatgan bayonotga ko‘ra, tashkilot FIFA prezidenti Janni Infantino hamda bosh kotib Mattias Grafstryomning qo‘shma murojaatini olqishlaydi va uni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi.
Ma'lum qilinishicha, joriy yilning 5 avgust kuni Marokash poytaxti Rabot shahrida FIFA rahbariyati ishtirokida favqulodda yig‘ilish o‘tkazilgan. Unda Infantino yangi tijorat loyihasi doirasida yo‘l qo‘yilgan xatolar uchun uzr so‘ragan va FIFA rahbariyati uni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
CAF prezidenti Patris Motsepe Afrika futbolini rivojlantirish tashkilotning ustuvor vazifasi bo‘lib qolishini ta'kidladi.
"CAF FIFA prezidenti Janni Infantino va bosh kotib Mattias Grafstryomning qo‘shma bayonotini olqishlaydi va to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. CAF Afrika futbolini rivojlantirishga e'tibor qaratishda davom etadi hamda amaldagi boshqaruv va shaffoflik tamoyillariga sodiqligini yana bir bor tasdiqlaydi", dedi Motsepe.
Bayonotda aytilishicha, CAF Ijroiya qo‘mitasi ham Infantinoni bir ovozdan qo‘llab-quvvatlagan. Shuningdek, unga Afrika futboli taraqqiyotiga qo‘shgan ko‘p yillik hissasi uchun minnatdorlik bildirilgan.
Bundan tashqari, CAF rahbariyati FIFA prezidenti Janni Infantino, bosh kotib Mattias Grafstryom hamda tashkilot ma'muriyatiga 2026 yilgi Jahon chempionatini yuqori saviyada tashkil etgani uchun ham alohida minnatdorlik izhor etgan.
Eslatib o‘tamiz, iyul oyida FIFA yangi tashkil etilayotgan tijorat tuzilmasining taxminan 20 foiz aksiyalarini xususiy investorlarga sotish orqali 4,2 milliard dollar jalb qilish rejasini ma'lum qilgan edi. Mazkur tuzilma FIFAning media va tijorat huquqlarini, jumladan, Jahon chempionatiga oid tijorat huquqlarini boshqarishi ko‘zda tutilgan.
Bu tashabbusdan so‘ng UEFA taklif to‘liq bekor qilinmaguncha a'zo assotsiatsiyalar FIFA musobaqalarini boykot qilishi mumkinligini bildirgan. Keyinroq esa Janni Infantino keng muhokamalarga sabab bo‘lgan ayrim tijorat huquqlarini sotish rejasidan voz kechilganini ma'lum qildi.






