Oliy Majlis Senati majlisida "Harbiy xizmatchilar (xodimlar) va ularning oila a'zolari uchun davlat pensiya ta'minoti to‘g‘risida"gi qonun ma'qullandi.
Qonun harbiy xizmatchilar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari va ularning oila a'zolariga pensiya tayinlash, uni hisoblash, qayta hisoblash hamda to‘lash tartibini yagona huquqiy asosda belgilaydi.
Hujjatga ko‘ra, 30 yildan ortiq xizmat qilgan harbiy xizmatchilar uchun pensiyaning maksimal miqdori 75 foizdan 100 foizga oshiriladi. Bu tartib amalda pensiya olayotgan va kalendar hisobida 30 yildan ortiq xizmat qilgan harbiy xizmatchilarga ham tatbiq etiladi.
Shuningdek, xizmat vaqtida halok bo‘lgan yoki xizmatda olgan jarohati va kasalligi oqibatida vafot etgan harbiy xizmatchilarning oila a'zolariga boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini tayinlash bo‘yicha davlat kafolatlari kuchaytiriladi.
Qayd etilishicha, qonun pensiya ta'minoti masalalarini O‘zbekiston Konstitutsiyasi va milliy qonunchilik asosida tartibga solishga qaratilgan.






